Metodik marafonning ilk kunida to‘rt ming nafardan ortiq pedagog ishtirok etdi

408

Avval xabar berganimizdek, Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tashabbusi bilan joriy yilning 4-10 yanvar kunlari umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari pedagoglari uchun metodik marafon o‘tkazilmoqda.

Marafonning ilk kunida mamlakatimizning turli hududlaridan 4 200 nafardan ortiq pedagog ishtirok etdi.

Dastlab, markazning Ta’lim sohasida normativ hujjatlarni ishlab chiqish va joriy etish boshqarmasi boshlig‘i Mehriniso Pardayeva tomonidan “O‘quvchilarda funksional savodxonlikni rivojlantirish” mavzusida taqdimot qilindi.

Unda marafondan ko‘zlangan maqsad va vazifalar, marafonni o‘tkazish tartibi, funksional savodxonlik tushunchasi, funksional savodxonlikni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro platformalar va resurslar hamda kelgusidagi rejalar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Shundan so‘ng vebinarlar o‘qish savodxonligi, matematika, tabiiy fanlar yo‘nalishlarida 3 ta sessiyaga bo‘lingan holda davom ettirildi.

Birinchi sessiyada o‘qish savodxonligi bo‘yicha Toshkent shahar Yunusobod tumani 302-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Dilnoza Boynazarova “O‘quvchilarning o‘qish savodxonligini oshirishda yozma nutq ko‘nikmasini rivojlantirish” mavzusida taqdimot o‘tib berdi.

Mashg‘ulot vazifalari PIRLS xalqaro tadqiqoti natijalari misolida olib borildi. Unda boshlang‘ich sinflarda xalqaro tajribalar asosidagi PIRLS topshiriqlarini bajarishdagi muammolar, kommunikativ yondashuv, grammatik savodxonlik, o‘qish savodxonligi, XXI asr hayotiy ko‘nikmalarni rivojlantiruvchi zamonaviy metodlar, Venn diagrammasi, baholash mezonlari, ma’nodosh so‘zlar ustida ishlash hamda mantiqiy mashqlarni bajarish kabi mavzular tushuntirildi.

Ikkinchi sessiyada esa matematika savodxonligi bo‘yicha markazning Xalqaro dasturlar va tadqiqotlarda ishtirok etishni ta’minlash bo‘limi yetakchi mutaxassisi Jamshid Narziyev tomonidan “O‘quvchilarning PISA-2022 tadqiqotida matematika bo‘yicha natijalari tahlili” mavzusida taqdimot qilindi.

Unda PISA-2022 va PISA-2025 tadqiqot dasturlari yo‘nalishlari, PISA xalqaro baholash dasturining asosiy xususiyatlari, PISA-2022 da O‘zbekistonning ishtiroki, PISA-2022 da matematika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichlar, ishtirokchilarning matematik savodxonlik bo‘yicha natijalari va darajalari, ota-onalarning ta’limdagi ishtiroki kabi mavzularda atroflicha ma’lumotlar berildi.

Uchinchi sessiyada tabiiy savodxonlik bo‘yicha Evristika onlayn kursi asoschilaridan biri Davron Kabilov tomonidan “O‘quvchilarni kelajakka qanday tayyorlaymiz?” mavzusida taqdimot qilindi.

Unda tabiiy-ilmiy savodxonlikni rivojlantiruvchi metodlar, moddiy-texnik taraqqiyotning o‘sish grafigi, XXI asrda talab qilinayotgan muhim ko‘nikmalar, bolaning yoshiga ko‘ra qiziquvchanligi, qiziqtirish usullari, interaktiv o‘yinlar va mashqlardan iborat mavzular tushuntirib berildi.

Mashg‘ulotlar interaktiv ko‘rinishda tashkil etilib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytarildi.

Ta’kidlash joizki, metodik marafonga pedagoglar katta qiziqish bildirmoqda. Xususan, bugungi kunga qadar metodik marafonda ishtirok etish uchun pedagoglardan 400 dan ortiq metodik resurslar kelib tushdi.

Marafonda ishtirok etish uchun taqdimotlar @Metodik_marafon_bot telegram boti orqali qabul qilinmoqda.

Eng yaxshi metodik resurs mualliflari tanlab olinib, marafon uchun trener sifatida jalb etilmoqda.

O‘zA