Sobiq migrantlar tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqda

338

“Tadbirkor ayol“ xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi tomonidan “Markaziy Osiyoda xavfsiz migratsiya” loyihasi mamlakatimizning Andijon, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilgan edi.

AQSH Xalqaro Taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtiriladigan va “Winrock International” tomonidan amalga oshirilayotgan “Markaziy Osiyoda xavfsiz migratsiya” (SMICA) loyihasi “Tadbirkor ayol“ xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi va uning Qoraqalpog‘iston hududiy bo‘limi biznes-treninglari tomonidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tuman bo‘limlari bilan hamkorlikda ushbu loyiha doirasida 2022 yil sentyabr oyidan 2023 yil sentyabr oyigacha Xo‘jayli, Shumanay, Qo‘ng‘irot, Qonliko‘l, Kegeyli, Bo‘zatov tumanlarida va Nukus shahrida “Tadbirkorlik asoslari va xavfsiz migratsiya” mavzusida 3 kunlik 26 ta trening o‘tkazildi. Loyiha doirasida biznes-maslahatchilar tomonidan 710 nafar ishtirokchiga bepul maslahat xizmati ko‘rsatiladi.

Ushbu seminar ishtirokchilari o‘rtasida o‘tkazilgan kichik grant tanlovida sobiq migrant Gulmira Uzaqbergenova g‘olib bo‘ldi. Unga loyiha doirasida suv tozalovchi uskuna topshirilib, u endilikda Nukus shahridagi “Qutli makon” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlaydi.

–“Tadbirkor ayol“ xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan “Ishsiz ayollarni, migrantlar va ularning oila a’zolarini tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘rgatish va yangi ish o‘rinlari yaratish orqali odam savdosining oldini olish” loyihasi doirasidagi seminarlarda ishtirok etishim mening hayotimda katta burilish yasadi, –deydi yosh tadbirkor Gulmira Uzaqbergenova. – Oldinlari oila a’zolarim bilan Qozog‘iston Respublikasida ishlab, qiynalib yurardik. Musofir yurtda mehnat qilib, non topish oson emas. Mana endi o‘z biznesim bor. Buning bilan cheklanib qolmayman. Faoliyatimni yanada kengaytirib, mahallamda yashovchi xotin-qizlar bilan yoshlarni ish bilan ta’minlamoqchiman. Buning uchun barcha shart-sharoit yetarli. Mahalla raisi, xotin-qizlar faoli, hududdagi hokim yordamchisi bizni hamisha qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

–Loyiha doirasida Orolbo‘yi hududida 558 nafar (16 nafar odam savdosi jabrlanuvchisi, 197 nafar xorijdan qaytgan migrant, 186 nafar migrant oilasi a’zosi va 159 nafar ishsiz) yosh va xotin-qiz tadbirkorlik asoslariga o‘qitildi, – deydi “Tadbirkor ayol“ xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi rahbari Nazira Yelibayeva. – Loyihaning asosiy maqsadi biznes sub’ektlarini ochish, ularga kichik grantlar ajratish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, shu bilan odam savdosining oldini olishga ko‘maklashishdan iborat. Trening ishtirokchilari orasidan o‘z biznesini boshlayotgan qizlarimizning chiqishi bizni, albatta, xursand qiladi. Gulmira kelajakda tikuvchilik sexi, sartaroshxona faoliyatini ham yo‘lga qo‘ymoqchi.

Nukus shahridagi “Qutli makon” mahalla fuqarolar yig‘inida 1 ming 528 xonadonda 7 ming 625 nafar aholi yashamoqda. O‘tgan yili ishsiz 25 nafar xotin-qizga uskunalar olib berildi. 277 nafari imtiyozli kredit mablag‘i bilan ta’minlandi. 35 nafar yosh kasb-hunarga o‘qitildi. Shunday qilib, hududdagi tadbirkorlar safi yana bir nafarga ko‘paydi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari