500 ga yaqin murojaatning salmoqli qismi ijobiy hal etildi

Parlament quyi palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi 2023 yildagi faoliyati davomida iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, bank-moliya sohasini liberallashtirish va Davlat byudjeti tizimini isloh qilish kabi muhim yo‘nalishlarning huquqiy poydevorini mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratdi.
Hisobot davrida qo‘mita qonun ijodkorligi yo‘nalishida 33 qonun loyihasi uchun mas’ul bo‘ldi. Shuningdek, qo‘mita tomonidan iqtisodiyotni erkinlashtirish, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasidagi masalalarning huquqiy asoslarini yaratishga qaratilgan 3 ta yaxlit qonun ustida ish olib borildi.
Qo‘mita mas’ulligida “2024 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi maromiga yetkazildi. Deputatlar tomonidan 2024 yil uchun soliq tizimida energetik va tetiklashtiruvchi ichimliklarga qo‘yiladigan aksiz solig‘ini va yuk ko‘tarish quvvati 10 tonnadan yuqori bo‘lgan yuk avtotransport vositalari va tirkamalarining avtomobil yo‘llari bo‘ylab harakatlanishi huquqi uchun tabaqalashtirilgan yillik yig‘im miqdorini ko‘tarish bo‘yicha bildirilgan fikr-mulohaza va takliflar inobatga olindi.
Qo‘mitaning nazorat-tahlil faoliyati doirasida 21 ta davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining axborotini eshitishga taalluqli tadbir o‘tkazildi. Natijada qonun va qonunosti hujjatlari o‘rtasidagi nomutanosibliklar aniqlanib, bartaraf qilindi. Shuningdek, qo‘mita tashabbusi bilan Iqtisodiyot va moliya vaziri Sh.Kudbiyevga “Byudjet jarayonining ochiqligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida” Oliy Majlis Qonunchilik palatasining parlament so‘rovi yuborildi.
2023 yilda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini hal etishga alohida e’tibor qaratilib, kelib tushgan jami 462 ta murojaat belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi va ulardan salmoqli qismi ijobiy hal etildi.
Bular haqda Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining 2023 yildagi faoliyati sarhisobiga bag‘ishlangan brifingda aytib o‘tildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA