“Aholi salomatligi-2030” strategiyasi: 980 ta tibbiyot muassasasida qurish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi

Mamlakatda tez tibbiy va shoshilinch yordam xizmati faoliyatini takomillashtirish o‘ta dolzarb masala bo‘lib, bunda har bir lahza bemor hayotini saqlab qolishda muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan tez tibbiy va shoshilinch yordam xizmati inson sog‘lig‘i va hayotini saqlab qolishda “oltin soat” oralig‘ida birinchi yordam ko‘rsatuvchi muhim bo‘g‘indir.
O‘tgan yillar davomida tez tibbiy yordam mashinalarining aksariyati eskirgani, ularda navigatsiya jihozlarining yo‘qligi hamda sohadagi kadrlar tanqisligi bilan bog‘liq ko‘plab muammolar bemorlar hayotini saqlab qolishda, ularga birlamchi va sifatli xizmat ko‘rsatishda to‘siqlarga sabab bo‘lib kelgan.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 16 iyundagi “Aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, tez tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada yaxshilash vazifalari belgilab berildi. Mazkur hujjatga muvofiq, 2022-2025 yillar davomida ekspluatatsiya muddatini o‘tab bo‘lgan, ma’nan eskirgan 2 ming 183 ta “Damas” va boshqa avtotransport vositalarini zarur tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan maxsus avtomobillarga bosqichma-bosqich almashtirish, tez tibbiy yordam xizmati faoliyatidan chiqarilayotgan 10 yildan ko‘p foydalanilmagan soz holatdagi “Damas”larni boshqa davolash-profilaktika muassasalariga tibbiy xizmat transporti sifatida topshirish rejalashtirilgan edi.
Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon G‘afurov sohada amalga oshirilgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi:
– Tibbiyot hamisha mislsiz yangilanishlarga muhtoj bo‘ladi, – deydi Abduvoitjon G‘afurov. – Chunki sog‘liqni saqlash tizimi ijtimoiy sohaning eng muhim yo‘nalishi bo‘lib, uning taraqqiyoti jamiyat osoyishtaligi va aholi turmush darajasini yuksaltiruvchi eng muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Har bir issiq jonning malakali tibbiy xizmatga ehtiyoji bo‘ladi. O‘tgan 2023 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar filiallari “Call-markaz”lariga 12 million 330 ming 509 ta chaqiriq kelib tushgan.
Tez tibbiy yordamga chaqiruv bo‘lganda yetib borish vaqti o‘rtacha 25-30 daqiqadan 8-12 daqiqagacha qisqardi. Eng muhimi, ilgari dori yetishmasligi sababli xijolatda qolgan shifokorlar bugun barcha zarur dori-darmonlar bilan to‘liq ta’minlanmoqda. Avvallari tez tibbiy yordam uchun ajratiladigan dorilar 20 turda bo‘lib, ular ham ko‘pincha topilavermas edi. Ayni chog‘da dorilar ro‘yxati 45 turga yetkazilib, ularning uzluksiz ta’minoti kafolatlanmoqda.
Respublika tez tibbiy yordam markazining hududiy filiallarini mos binolarga joylashtirish bo‘yicha Andijon, Surxondaryo viloyat filiallari qayta ta’mirlandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Xorazm viloyat filiallarida mahalliy byudjetdan mablag‘ ajratildi. Filial binosida qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda tez tibbiy yordam xizmatida avtomatlashtirilgan boshqaruv “103-Med-data” tizimi Toshkent shahar tajribasiga asosan Andijon, Samarkand, Jizzax, Surxondaryo filiallarida joriy etildi. Farg‘ona, Buxoro, Toshkent viloyat filiallarida test-sinov rejimida ishga tushirilgan.
Respublika hududlari bo‘ylab tez tibbiy yordam xizmatiga 1000 dona maxsus avtotransport vositasi yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, “Jizzax avtomobil zavodi” MCHJ va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasidagi shartnomaga asosan Osiyo taraqqiyot bankining imtiyozli kreditlari hisobidan 800 dona “Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam avtomashinalari yetkazib berildi va hududlarga eskirgan avtotransport vositalari inobatga olingan holda taqsimlandi. Yangi rusumdagi avtotransport vositalari tog‘li va notekis yo‘llarda ham bemalol harakat qila oladi.
Respublika tez tibbiy yordam markazi va Janubiy Koreyaning Xalqaro sog‘liqni saqlash jamg‘armasi hamkorligida markaz va uning Toshkent shaxar, Samarqand viloyati filiallarida “Shifoxonagacha shoshilinch tibbiy yordam salohiyatini oshirish” bo‘yicha grant loyiha asosida birinchi bosqichda 2,8 million AQSH dollari ajratildi. Simulyatsion markazlarning tashkil etilishi ushbu yo‘nalishda ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini yanada yaxshilashga zamin yaratdi.
Ikkinchi bosqichda esa 12 million AQSH dollari yo‘naltirilib, viloyat filiallarida o‘quv-simulyatsion markazlar yaratish hamda xodimlar malakasini oshirish, tez tibbiy yordam pediatrik xizmatini rivojlantirish va shu yo‘nalishda moslashtirilgan maxsus avtomashinalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan.
Shuni ham alohida qayd etish lozimki, “Aholi salomatligi-2030” strategiyasi loyihasiga ko‘ra, bugungi kun holatiga ta’mirtalab bo‘lgan 980 ta tibbiyot muassasalarida bosqichma-bosqich qurish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Birlamchi bo‘g‘indagi barcha oilaviy shifokor punktlari, poliklinika va shifoxonalar ta’mirlanib, filtrlangan ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlanadi.
Shuningdek, tez tibbiy yordam avtomobillarining 50 foizi elektromobillar bilan to‘ldiriladi. Bunda, 2024 yildan boshlab 2030 yilga qadar elektromobillarni sotib olish muddatlari belgilanadi.
Sohadagi o‘zgarishlar bemorlarga shifoxonagacha bo‘lgan tez tibbiy yordamni xalqaro andozalarga mos tarzda ko‘rsatish imkonini bermoqda. Bu kabi chora-tadbirlarning zamirida esa xalqimiz roziligiga erishish maqsadi mujassam.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi. O‘zA