Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi koordinatori Jon Kirbining aytishicha, Shimoliy Koreya yetkazib berayotgan raketalarning bir qismi bilan Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga hujum qilgan, deb xabar bermoqda “Anadolu” axborot agentligi J.Kirbining so‘zlaridan iqtibos keltirib.
“Bizda mavjud bo‘lgan ma’lumotlarga ko‘ra, KXDR yaqinda Rossiyaga ballistik raketalar va raketa uchirgichlar yetkazib bergan. Rossiya kuchlari ham 2023 yil 30 dekabrda ushbu raketalardan kamida bittasi bilan Ukrainaga hujum qildi”, – degan Kirbi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Vashingtonda mavjud bo‘lgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2 yanvar kuni Rossiya tomonidan Ukraina yo‘nalishi bo‘yicha ushbu raketalar uchirilgan.
Jon Kirbi Vashington vaziyatni diqqat bilan kuzatib borayotganini aytgan.
Ushbu ballistik raketalarning uchish masofasi taxminan 900 kmni tashkil etishi qayd etilgan. Vashington rasmiylari Rossiya Federatsiyasi Shimoliy Koreya raketalarini qo‘llashni kengaytiradi, deb hisoblashmoqda.