Yurtimizda ilk bor “Art Gallery” auksion uyi faoliyati yo‘lga qo‘yildi

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan 2023 yilda tasviriy va amaliy san’atni rivojlantirish, targ‘ib etish bo‘ycha olib borilgan ishlar yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, 2023 yilda yurtimizda tasviriy va amaliy san’at sohasini rivojlantirish borasida salmoqli ishlar bajarildi. Jumladan, Badiiy akademiya tomonidan yil davomida “Xalqaro an’anaviy Tasviriy va amaliy san’at festivali”, “Toshkent-2023″ II xalqaro haykaltaroshlik simpoziumi hamda IV Toshkent xalqaro amaliy san’at biyennalesi o‘tkazildi.
Ilk bor TURKSOY tashkilotiga a’zo mamlakatlar rassomlarining xalqaro “Turk dunyosi rassomlarining uchrashuvi” ijodiy ko‘rgazmasi, “Turkiy xalqlar nafis san’ati (tasviriy san’ati) akademiyasi” tashkil etish bo‘yicha I xalqaro yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yilning eng muhim voqealaridan biri – yurtimizda ilk bor O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi bilan hamkorlikda “Art Gallery” auksion uyi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Toshkent shahrida joylashgan auksion uyi tarkibida nashriyot matbaa uyi, “Art appraisal center” san’at asarlarini baholash kompaniyasi, “Art Gallery” san’at galereyasi va san’at asarlarini texnologik ekspertizadan o‘tkazuvchi maxsus laboratoriya faoliyat ko‘rsatmoqda. Ilk bora tasviriy san’at asarlari auksioni muvaffaqiyatli o‘tkazildi. O‘zbekiston tasviriy va amaliy san’at asarlaridan iborat 48 sahifali “Mohir ijodkorlarning ijodiy merosidan O‘zbekiston tasviriy san’ati” nomli katalogi chop etildi.
Badiiy akademiyaning Boshqaruv kengashi saylov natijalariga ko‘ra 9 nafar haqiqiy a’zolar tasdiqlandi. Qozog‘istonning atoqli rassomi, “Qozog‘iston Respublikasi Badiiy akademiyasi” jamoat fondi prezidenti Amandos Akanayev O‘zbekiston Badiiy akademiyasining faxriy xorijiy a’zosi etib tayinlandi. Bugungi kunda O‘zbekiston Badiiy akademiyasining haqiqiy a’zolari soni 42 nafarga, faxriy xorijiy a’zolari soni 7 nafarga (AQSH, Rossiya, Ukraina, Koreya, Ozarbayjon, Qozog‘iston) yetdi. 38 nafar xodimning xorijiy mamlakatlarga xizmat safarlari va ko‘rgazmalari tashkil etildi. Janubiy Koreya, Hindiston, Ozarbayjon, Italiya Qozog‘iston, Eron kabi davlatlar bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.
“Chexiya – O‘zbekiston arxeologik ekspeditsiyasining 20 yilligi” nomli ko‘rgazma, Ozarbayjon Respublikasining XX asr atoqli siyosat va davlat arbobi, mustaqil Ozarbayjonning asoschisi va buyuk bunyodkori sifatida tarixga kirgan Haydar Aliyev tavalludining 100 yilligiga oid fotoko‘rgazma, Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda fotoko‘rgazma, Koreya Respublikasi universitetining imkoniyati cheklangan talabalari ko‘rgazmasi, O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash maqsadida qo‘shma ijodiy ko‘rgazma tashkil etildi.
2023 yilda ijodkorlarimiz yirik xalqaro loyihalarda faol qatnashdi. Shu bilan birga Qozog‘iston Respublikasi poytaxti Ostona shahrida Alisher Navoiyning, Namangan shahrida Usmon Nosirning bronzadan haykali o‘rnatildi. O‘zbekiston xalq rassomi Muhiddin Rahimov tavalludining 120 yilligi, Ortiq Fayzullayevning 90 yillik tavallud sanalari munosib nishonlandi.
Badiiy akademiya va uning tizim tashkilotlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 2023 yil davomida muhim sanalarga bag‘ishlangan hamda ijodkorlarning shaxsiy ijodini namoyish etishga oid jami 765 ta ko‘rgazma, ijodiy uchrashuv va mahorat darslari tashkil etildi.
“Navqiron O‘zbekiston” ijodkor yoshlar respublika zamonaviy san’at ko‘rgazma-tanlovi, “Kamoliddin Behzod izdoshlari”, “Ijodkor yoshlar” respublika tanlovi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
2023 yil davomida Badiiy ta’lim yo‘nalishida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzurida Rassomlik mahorat ustaxonasi (Oliy rassomlik kursi) faoliyati yo‘lga qo‘yildi va 10 nafar stajyor-tadqiqotchi saralab olindi. Rassomlar mahorat ustaxonasi stajyor-tadqiqotchilarining xorijga ijodiy safarlari tashkil etildi. Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn institutiga qo‘shimcha 600 o‘rinli o‘quv binosi qurildi. Badiiy akademiya tizimidagi ixtisoslashtirilgan san’at maktablari hamda maktab internatlari uchun 2022-2023 yillarda chop etilgan 9nomdagi dastlabki o‘quv adabiyotlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur adabiyotlar belgilangan tartibda tizimdagi ixtisoslashtirilgan san’at maktablari, maktab-internatlariga yetkazildi.
O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq rassomi, akademik Jollibay Izentayev nomini abadiylashtirish maqsadida Qoraqalpog‘iston ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatiga uning nomi berildi. Bularning barchasi milliy tasviriy va amaliy san’atimizga qaratilayotgan ulkan e’tiborning amaliy natijasidir.
N.Usmonova, O‘zA