Yaponiya g‘arbidagi Isikava prefekturasida sodir bo‘lgan ketma-ket zilzila qurbonlari soni qariyb 100 kishiga yaqinlashdi.
Yaponiya meteorologiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 1—4-yanvar kunlari Isikava prefekturasining shimoliy qismini tashkil etuvchi Noto yarim orolida, shuningdek, qirg‘oqlarda 4 dan 7 ballgacha bo‘lgan qator zilzilalar sodir bo‘lgan.
5 yanvar kuni yarimorolda navbatdagi silkinishlar ro‘y berdi: mahalliy vaqt bilan soat 00.04 da 4,4 magnitudali, 08.06 da 4 ball, 09.27 da 4,1 va 09.39 da 4,2 magnitudali yer silkinishlari qayd etildi.
Isikava prefekturasi gubernatorligining ma’lum qilishicha, zilzilalar oqibatida 300 dan ortiq kishi jarohatlangan, ularning barchasi davolanmoqda.
Hududda 40 dan ortiq odam vayronalar ostida qolmoqda. Prefekturadagi 165 ta maktab va boshqa muassasalarga qisman zarar yetgan. Noto yarim orolida davom etayotgan kuchli yomg‘ir ko‘chkilarni keltirib chiqarishi mumkin. Odamlardan tog‘ yonbag‘irlaridan uzoqroq turish so‘raldi.
Zilzilalardan so‘ng yo‘llar vayron bo‘ldi, 30 ming xonadon uzluksiz elektr energiyasin, 80 ming xonadon suv tizimidan uzilib qolgan. 240 dan ortiq odam bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida.
Hukumat qaroriga ko‘ra, hududga qidiruv-qutqaruv ishlari uchun yuborilgan Yaponiya o‘zini-o‘zi mudofaa kuchlari xodimlari soni 4600 nafarga ko‘paytirildi. Vertolyotlar safarbar etilgan, kemalar vayronalarni tozalash uchun Vajima portiga og‘ir texnika olib bormoqda.
Avvalroq Yaponiya geofazoviy axborot boshqarmasi Isikava prefekturasining Vajima shahridagi kuzatuv punkti eng katta siljishni qayd etgani, u gorizontal ravishda g‘arbga qarab taxminan 1,3 metr masofada harakatlangani haqida xabar bergan edi.
Tokio universitetining sobiq seysmologiya professori Xirata Naoshining aytishicha, Noto yarim oroli ostidagi yoriq 150 kilometrgacha cho‘zilishi va seysmik faollik davom etishi mumkin.
Tinch okeanining olov halqasida joylashgan Yaponiya o‘z tarixi davomida bir necha marta halokatli zilzilalarni boshdan kechirgan. 1995 yildan beri Yaponiyada 6 yoki undan yuqori magnitudali 70 ga yaqin zilzila sodir bo‘lib, o‘n minglab odamlar halok bo‘lgan.
G.Sattorova, O‘zA