Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanida aholini zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlash hamda yangi ijtimoiy soha ob’ektlarining qurilish ishlari jadal olib borilmoqda.

Xususan, tumandagi “Aqtuba” ovul fuqarolar yig‘ini hududida “Yangi O‘zbekiston” massivi uchun 10,8 gektar yer maydoni ajratilgan bo‘lib, bu yerda 600 xonadonli 20 ta zamonaviy ko‘p qavatli uy-joy qad rostlamoqda.

O‘tgan 2023 yil massivda quruvchilar tomonidan 60 ta xonadonli 3 ta uy-joy qurib bitkazilib, foydalanishga topshirildi. Turar-joy massivini muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash maqsadida bugungi kunda quvvati 400 kVA bo‘lgan yangi zamonaviy transformator punkti o‘rnatildi. Shuningdek, 16 dona temir-beton elektr ustuni o‘rnatish, 10 kV bo‘lgan 620 metr elektr tarmog‘i va 0,4 kV bo‘lgan 60 metr SIP kabel tortish ishlari bajarildi.

Massivda aholi uchun zarur bo‘lgan yangi ijtimoiy soha ob’ektlarini ishga tushirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, umumiy qiymati 7 milliard 100 million so‘mni tashkil etadigan, 180 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy ikki qavatli maktabgacha ta’lim tashkilotining imorati yangi yil bayrami arafasida qurib bitkazildi. Hozirda muassasa binosiga mebel jihozlarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA