“Tax Free” ofisi ochildi

Nukus xalqaro aeroportida “Tax Free” xizmat ko‘rsatish shoxobchasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Joriy yil 1 yanvardan boshlab chet el fuqarolarining O‘zbekistonda chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlardan ayrim turdagi tovarlarni sotib olishida ular tomonidan to‘lanadigan QQS summalarini qaytarish bo‘yicha namuna sifatida “Tax Free” tizimi joriy etildi. Shu orqali chet el fuqarolari O‘zbekiston hududidan chiqib ketayotganda, aeroportlarda operatorlarga murojaat etish orqali QQS summasini qaytarib olishi mumkin.

Yangi bog‘cha ish boshladi 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida yangi bog‘cha qurilishi yakunlandi. Davlatimiz rahbarining 2022 yil 30 dekabrdagi “2023 – 2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan Orolbo‘yida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, “Yangi O‘zbekiston” massivida zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar hamda ijtimoiy soha ob’ektlari qurib foydalanishga topshirilmoqda. Qonliko‘l tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida yangi bog‘chaning foydalanishga topshirilishi bolajonlarga bayram tuhfasi bo‘ldi.

Xo‘jaylida xayriya tadbiri 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tashabbusi bilan boshlangan “Mehr harakati” xayriya tadbiri Xo‘jayli tumanida o‘tkazildi. “Vaqf” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali xodimlari homiylar bilan hamkorlikda kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan ehtiyojmand oilalardan xabar oldi. Tadbir davomida 25 ta oilaga oziq-ovqat mahsulotlari, qishki kiyimlar hamda bolalar o‘yinchoqlari topshirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.