Hukumatning “Baholash to‘g‘risidagi hisobotlarning haqqoniyligini ekspertizadan o‘tkazish mexanizmini tasdiqlash haqida”gi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Baholash faoliyati sohasida xizmatlar sifatini oshirish, o‘zini o‘zi boshqarish mexanizmini rivojlantirish hamda ekspertiza jarayonlarini tartibga solish va raqamlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Baholash to‘g‘risidagi hisobotlarning haqqoniyligini ekspertizadan o‘tkazish mexanizmini tasdiqlash haqida” 2008 yil 28 iyuldagi 161-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining “Baholash to‘g‘risidagi hisobotlarning haqqoniyligini ekspertizadan o‘tkazish mexanizmini tasdiqlash haqida” 2008 yil 28 iyuldagi 161-son qaroriga quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi:
baholash to‘g‘risidagi hisobotlarning haqqoniyligi faqat birinchi yoki oliy toifali baholovchilar jalb etilgan holda ekspertizadan o‘tkaziladi;
2024 yil 1 martdan boshlab, baholovchi tashkilotlar tomonidan baholash to‘g‘risidagi hisobotlarning haqqoniyligini ekspertizadan o‘tkazish natijalariga ko‘ra rasmiylashtirilgan ekspertiza xulosalari yuzasidan ma’lumotlar Davlat aktivlarini boshqarish agentligining “Ekspertiza xulosalarining yagona reyestri”ga kiritilishi majburiy bo‘ladi;
sudlarning so‘rovnomalariga ko‘ra bahsli vaziyatlarda baholash hisobotining haqqoniyligini ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha ekspert komissiyasiga kiritilgan materiallarni dastlab baholash hisobotini tayyorlagan baholash tashkiloti a’zo bo‘lgan professional jamoat birlashmasi tomonidan ko‘rib chiqish va xulosa berishi tartibini joriy qilinadi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi uch oy muddatda baholash faoliyatining yagona axborot platformasi negizida baholash to‘g‘risidagi hisobot yuzasidan rasmiylashtirilgan ekspertiza xulosasi bo‘yicha ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi, barcha uchun ochiq bo‘lgan Ekspertiza xulosalarining yagona reyestrini yaratadi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini ta’minlaydi.
Qaror 2024 yil 1 martdan kuchga kiradi.
O‘zA