Yangi yilda oilaviy tadbirkorlik yanada rivojlanadi

Mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash, oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
2023 yil 28 noyabrda kuchga kirgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun shu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
– Yangilangan Konstitutsiyada xususiy mulk daxlsizligini himoya qilish va mehnat qilish erkinligi, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanishi belgilandi, – dedi Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova. – Shuningdek, 2023 yil 30 aprelda kuchga kirgan Mehnat kodeksiga tadbirkorlar uchun, shu jumladan, yakka tartibdagi tadbirkorlarda yollanib ishlaydigan shaxslar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning bir qancha normalari ham kiritildi.
Shu kabi islohotlar, oilaviy tadbirkorlikka bo‘layotgan e’tibor natijasida hozirda mamlakatimizda oilaviy korxonalar soni 67 mingdan oshdi.
Prezident farmoni bilan qandolat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarga eksport hajmidan kelib chiqib 2 yilgacha moliyaviy resurslar (3 million dollargacha) ajratilishi, 2025 yil 1 yanvargacha qadoqlash va etiketkalash mahsulotlari bojxona bojidan ozod etilishi belgilandi.
Bu – tadbirkorlarning ma’lum bir xarajatlari qisqarishi va mahsulot ishlab chiqarish hajmi oshishiga olib keladi. To‘qimachilik sanoati ham yangi moliyaviy qo‘llab-quvvatlash paketiga ega bo‘ldi.
Oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, sport-ta’lim tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish maqsadida, shuningdek, qurilish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibi joriy etilganidan kelib chiqqan holda mazkur sohalardagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlarini qaytadan ko‘rib chiqish zarurati yuzaga keldi.
Shu maqsadda qabul qilingan yangi qonun 5 moddadan iborat bo‘lib, “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi qonun, O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi, Shaharsozlik kodeksiga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritildi.
“Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi qonunning ikkita moddasiga o‘zgartish kiritildi. Qonunga yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi oilaviy tadbirkorlik sub’ektlariga besh nafargacha doimiy ishchini yollab, ular bilan mehnat shartnomasi tuzishga ruxsat berildi (avval uch nafargacha edi).
“Oila boshlig‘i” tushunchasi er, xotin deb o‘zgartirildi hamda “Bir oilaviy korxona ishtirokchisi bir vaqtning o‘zida boshqa oilaviy korxona ishtirokchisi bo‘lishi mumkin emas”ligi haqidagi qoida chiqarib tashlandi.
Mazkur o‘zgartishlar natijasida aholining bandligi oshishi, shu tarzda yollangan ishchilar daromad qilishi, mehnat staji yuritilishi ta’minlanadi. Kelgusida mazkur shaxslar olgan daromadi va mehnat staji inobatga olingan holda pensiya ta’minoti huquqiga ega bo‘ldi.
“Oila boshlig‘i” so‘zi chiqarilishi oilaviy munosabatlarda ayol va erkakning teng huquqliligini ta’minlaydi.
Qonunning 5-moddasidan cheklovlarning chiqarib tashlangani natijasida Konstitutsiyaning 67-moddasida belgilangan tadbirkorlarning qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishi va o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashi huquqi ta’minlanadi.
Bu oilaviy tadbirkorlarning o‘z faoliyatini yanada kengaytirish imkoniyatini beradi. Bu esa, o‘z navbatida, ularning ko‘proq daromad qilishi, oilada bolalar tarbiyasi, ularning farovon hayot kechirishi uchun imkoniyat va sharoit ta’minlanishiga yo‘l ochdi.
Qonun bilan Bojxona kodeksiga qo‘shimcha kiritildi. Bunda, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Milliy paralimpiya qo‘mitasi, olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha federatsiyalar (assotsiatsiyalar) takliflari asosida belgilangan tartibda Yoshlar siyosati va sport vazirligi tomonidan shakllantiriladigan hamda Hukumat tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat asosida davlat hamda nodavlat sport-ta’lim tashkilotlari tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun xorijdan olib kelinadigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan sport kiyim-boshlari (ekipirovkalari), poyabzal, sport anjomlari, jihozlari va uskunalarining ellik foiziga nisbatan bojxona bojidan ozod etish tarzidagi tarif imtiyozlari berildi.
Bojxona kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishlar jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan maktabdan tashqari nodavlat sport-ta’lim muassasasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga zamin yaratdi. Nodavlat sport-ta’lim muassasasida sport turlari bilan shug‘ullanayotgan iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda sportchilarni tayyorlashda davlat va nodavlat sport-ta’lim muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga yo‘l ochdi. Xususiy ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish sohasida zarur shart-sharoitlar yaratildi.
Shaharsozlik kodeksidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tumanlar (shaharlar) ijro etuvchi hokimiyat organlarining shaharsozlik faoliyati ob’ektlarini qurish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish vakolatini chiqarib tashlandi. Bu qurilish sohasidagi davlat xizmatlarini ko‘rsatishdagi mavjud muammolar hamda normativ-huquqiy hujjatlardagi qarama-qarshilik va ziddiyatlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA