O‘zbekistonda ishbilarmonlik faolligi indeksi oshmoqda

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan baholangan Ishbilarmonlik faolligi indeksi 2023 yil noyabr oyida 1020 birlikni tashkil etib, oktyabr oyiga nisbatan 2 foizga mo‘’tadil oshgan.
Shu bilan birga, ishbilarmonlik faolligi indeksida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ham 5,7 foizlik o‘sish qayd etildi. Komponentlar darajasida quyidagi o‘zgarishlar bo‘lgan.
Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning bank hisob-varaqlaridagi operatsiyalar soni 10,4 foizga oshgan. Faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar bo‘yicha komponent 0,4 foizga oshgan. Tovar-xom ashyo birjasida xom ashyo sotib olish jadalligi 2,3 foizga kamaygan. Tovar belgilari bo‘yicha komponent 27,4 foizga oshgan.
Hududlar kesimida Sirdaryo viloyatida eng yuqori o‘sish sur’ati qayd etilgan. O‘tgan yil noyabr oyida Ishbilarmonlik faolligi indeksi barcha 7 ta hududda o‘tgan oyga (oktyabr) nisbatan o‘sish kuzatilgan. Sirdaryo (42,8%), Surxondaryo (31,7%) va Andijon (19,8%) viloyatlarida sezilarli darajada o‘sish kuzatilgan. 2023 yil noyabr oyida banklararo to‘lov operatsiyalari soni 6 761,6 mingtani tashkil etdi va 2023 yilning oktyabr oyiga nisbatan 634,5 ming tranzaksiyaga oshgan.
Banklararo to‘lov operatsiyalari soni 5 ta hududda oshgan. 2023 yil noyabr oyida respublikaning 5 ta hududida yuridik shaxslar o‘rtasidagi bank operatsiyalari soni o‘tgan oyga nisbatan oshgan. Xususan, Sirdaryo (7,8%), Farg‘ona (5,9%), Andijon (4,1%), Namangan (0,2%) viloyatlari va Toshkent shahrida (15,2%) o‘sish kuzatilgan.
Shu bilan birga, 9 ta hududda yuridik shaxslar o‘rtasidagi bank operatsiyalari soni kamaygan. Sezilarli darajadagi kamayish Surxondaryo (- 19,1%), Samarqand (- 10,5%), Qashqadaryo (- 7,6%), Navoiy (- 7,4%) viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (- 27,5%) qayd etilgan.
O‘tgan yilning noyabr oyida IFIning birja komponenti 0,9771 birlikni tashkil etdi. Bu esa, ushbu komponentning o‘tgan oyga nisbatan 2,3 foizga kamayganini anglatib, bitimlar sonining 13,2 foizga kamaygani bilan izohlanadi. Shu bilan birga, har bir bitim bo‘yicha sotib olingan tovarlar o‘rtacha hajmi 8,6 foizga oshgan.
Respublika tovar-xom ashyo birjasida tovarlar savdosi umumiy aylanmasi hajmi 2023 yil noyabr oyida 5 trillion 939,6 milliard so‘mni tashkil etib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan 14,9 foizga kamaygan. Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning faolligi Faoliyat yuritayotgan xo‘jalik sub’ektlari bo‘yicha komponent 2023 yil noyabr oyida 1,0038 birlikni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 0,4 foizga oshganini ko‘rsatadi. Bundan tashqari ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12,8 foizga sezilarli darajada kamaygan. 2023 yil noyabr oyida barcha turdagi faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar soni 2023 yilning oktyabr oyiga nisbatan 2 009 taga oshib, 519 ming 747 birlikni tashkil etgan.
Yirik tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi korxonalar soni 17 taga oshgan. Hisobot davrida kichik korxonalar soni 422 ming 586 tadan 424 ming 695 tagacha oshgan (o‘sish 2 109 ta). Shuningdek, fermer xo‘jaliklari soni 91 ming 468 tadan 91 ming 351 tagacha (117 ta) kamaygan. Yirik tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan sub’ektlar soni 3 ming 701 tani tashkil etib, joriy yilning oktyabr oyiga nisbatan 17 taga oshgan.
2023 yil noyabr oyida savdo belgilari muhofazasi bo‘yicha biznes faolligi indeksi 0,7258 birlikni tashkil etib, ushbu ko‘rsatkich 2023 yilning oktyabr oyiga nisbatan 27,4 foizga kamaygan. O‘tgan yilning noyabr oyida yuridik shaxslar tomonidan 180 ta tovar belgilari va tovar nomlari ro‘yxatga olingan.
Sh.Mamaturopova, O‘zA