Eronning Kirmon viloyatida Qosim Sulaymoniy qabri yaqinida sodir bo‘lgan ikkita portlash qurbonlari soni 103 kishiga yetdi, yana 211 kishi jarohat oldi. Bu haqda Eronning “IRNA” rasmiy axborot agentligi Favqulodda vaziyatlar markaziga tayanib xabar berdi.

Voqea 2020 yil 3 yanvar kuni Bag‘dodda AQSH havo hujumi natijasida halok bo‘lgan eronlik general o‘limining 4 yilligi munosabati bilan sodir bo‘ldi.

Xabar qilinishicha, portlashlar taxminan 10 daqiqa farq bilan sodir bo‘lgan. Ba’zi yaradorlarning ahvoli og‘ir. Rasmiylar qurbonlar soni ortishidan xavotirda.

Eron Favqulodda markazi matbuot kotibi Babek Yektaperestning aytishicha, jarohatlanganlar Kermandagi shifoxonalarga olib ketilgan, ba’zilari esa samolyotda Tehronga yetkazilgan.

Kirmon gubernatori o‘rinbosari Rahmon Jaloliy voqeani terakt deb atadi. Bu haqda Eron davlat televideniyesi xabar berdi. Eronning “Tesnim” axborot agentligiga ko‘ra, portlovchi qurilmalar masofadan turib ishga tushirilgan. Voqea joyiga tutash hududlar evakuatsiya qilingan.

Avvalroq 73 kishi halok bo‘lgani, 170 kishi yaralangani xabar qilingan edi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish mazkur portlashlarni keskin qoraladi. U halok bo‘lganlarning oila a’zolari va Eron hukumatiga hamdardlik bildirdi va yaradorlarning tezroq sog‘ayib ketishini tiladi.

O‘zA