Yaponiyaning Isikava prefekturasi hukumati hafta boshida yuz bergan kuchli zilziladan keyin 51 kishining taqdiri nima bo‘lganini bilolmayati, deb xabar tarqatdi “Kiodo” axborot agentligi.

Jumladan, eng ko‘p odam halok bo‘lgan Vadzima shahrida olti kishi hali ham aloqaga chiqmagan.

Bugun ertalab uyushtirilgan matbuot anjumanida Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida yana bir bor favqulodda vaziyat xizmatchilarini qidiruv va qutqaruv ishlarini to‘xtatmaslikka chaqirdi.

Dushanba kuni Isikava prefekturasida 7,6 magnitudali yer silkinishi ro‘y berdi. Zilziladan so‘ng Yaponiyaning g‘arbiy sohillarida ulkan sunami xavfi paydo bo‘lgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofat 78 kishining yostig‘ini quritdi, 100 dan ziyod kishi jarohat olgan. Xabarda keltirilishicha, qurbonlar va jabrlanganlar soni yana ortishi mumkin, chunki odamlar hamon vayronalar ostida qolmoqda.