Shveysariyaning Jeneva shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: barqaror rivojlanish va farovonlik yo‘lida mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Mamlakatimizning Jeneva shahridagi BMT huzuridagi doimiy vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilgan tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston diplomatik vakolatxonalari, shuningdek, tuzilmaning Jenevadagi tuzilmaviy bo‘linmalari va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda mazkur hujjatning mazmun-mohiyati va ahamiyati tushuntirildi. Rezolyutsiyada Markaziy Osiyoda iqlim va ekologik tahdidlarga samarali qarshi kurashish maqsadida barqaror qishloq xo‘jaligi, bog‘dorchilik, suv resurslaridan oqilona foydalanish, energiya samaradorligi, chiqindilarni qayta ishlash, barqaror turizmni rivojlantirish, “aqlli shaharlar” va barqaror transportni yaratish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangani qayd etildi.

Tadbir ishtirokchilariga hujjatda mintaqamizning asosiy ekologik muammosi – Orol fojiasiga alohida e’tibor qaratilgani ma’lum qilindi. BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasi faoliyatini kuchaytirish zaruriyati alohida ta’kidlangan.

Xorijiy diplomatlar hamda BMT ekspertlari cho‘llanish va yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurashda innovatsion usullar va yangi texnologiyalarni joriy etish chaqirig‘i, shuningdek, mamlakatimizning Markaziy Osiyoda suvni tejash texnologiyalari platformasini yaratish tashabbusi o‘z vaqtida bo‘lganini e’tirof etishgan.

Shuningdek, O‘zbekistonning 2024 yil Samarqandda global ekologik tahdidlarga yechim topishga xizmat qiladigan Xalqaro iqlim forumini o‘tkazish tashabbusi olqishlandi.

2023 yil 13-17 noyabr kunlari Samarqandda BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi, Qum va chang bo‘ronlariga qarshi kurash bo‘yicha yuqori darajadagi yig‘ilishi Markaziy Osiyoda ilk bor muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabriklagan.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA