Ma’muriy islohotlar doirasida Hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi

O‘zbekiston Rekspublikasi Vazirlar Mahkamasi “Ma’muriy islohotlar doirasida raqamli texnologiyalar sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, qonunchilik hujjatlarini muvofiqlashtirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’muriy islohotlar doirasida raqamli texnologiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etish chora- tadbirlari to‘g‘risida” 2023 yil 24 maydagi PF-76-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Hukumatning ayrim qarorlariga quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi:
Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimidagi tashkilotlar qayta tashkil etilganligi va nomlanganligi munosabati bilan qonunchilik hujjatlarini muvofiqlashtirish;
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida “davlat – fuqaro” va “davlat – tadbirkor” tamoyili asosida xizmat va servislarni raqamli ko‘rinishda joriy etish rejalarini belgilovchi vakolatli organni belgilash;
Yagona portalda davlat xizmatlari va servislarini ularning ma’muriy tartiblari “3 qadam” tamoyili asosida maqbullashtirilgan holda joriy etish;
vazirlik va idoralar tomonidan aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga veb-sayt, portal, mobil ilova va boshqa axborot resurslari orqali ko‘rsatiladigan barcha turdagi xizmatlar Yagona portalda to‘laqonli yoki havola ko‘rinishida ham joriy etilishini belgilash;
davlat organlarining Yagona portaldagi elektron davlat xizmatlari va servislaridan aholi hamda tadbirkorlik sub’ektlarining qoniqish darajasini baholash va uning indikatorlarini belgilash;
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari axborot tizimlarida, idoralararo elektron hamkorlik qilishda “Raqamli hukumat” tizimining yagona identifikatorlari hamda ma’lumotnomalar va tasniflagichlar registri axborot tizimida joylashtirilgan yagona umumdavlat ma’lumotnomalari va tasniflagichlaridan majburiy foydalanish;
jamoat, sanoat, turar joy, ma’muriy binolar va inshootlarni loyihalashtirish, qurish hamda foydalanishga qabul qilish jarayonida aloqa, pochta, axborotlashtirish va telekommunikatsiya sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar, davlat standartlari va me’yorlariga amal qilinishini ta’minlash.
O‘zA