Keyingi yillarda mamlakatimizda boshqa sohalar qatori chorvachilikka ham alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yil yakunida, 25 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Naslchilik xo‘jaliklarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori qabul qilindi.

Ko‘rilayotgan tegishli chora-tadbirlar ichki iste’mol bozorini go‘sht, sut, tuxum mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash imkonini oshirmoqda. Tarmoqda ozuqa bazasini kengaytirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni oshirish, naslchilik sohasiga xususiy investitsiyalar hajmini yanada ko‘paytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mavzu yuzasidan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining Chorvachilikda naslchilik ishlarini tashkillashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bahron Yalg‘ashevga bir qator savollar bilan murojaat qildik.

– O‘tgan yil sarhisob qilingan bir palladamiz. Keling suhbatimiz boshida bugungi kunda faoliyat ko‘rsatayotgan naslchilik xo‘jaliklari  soni haqida qisqacha ma’lumot bersangiz? 

– Respublikamizda naslchilik xo‘jaliklari soni 1 ming 604 taga yetkazildi. Jumladan, 1 ming 291 ta qoramolchilik, 146 ta qo‘y va echkichilik, 37 ta yilqichilik va tuyachilik, 51 ta parrandachilik, 24 ta baliqchilik, 23 ta asalarichilik hamda 36 ta boshqa yo‘nalishlarda naslchilik sub’ektlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ularda bugungi kunda 220 ming 400 bosh qoramol,329 ming 600 bosh qo‘y va echki, 2 ming 900 bosh yilqi, 4 million 500 ming bosh parrandalar parvarish qilinmoqda.

–  Keyingi yillarda mamlakatimizda chorvachilik, jumladan, naslchilik sohasini rivojlantirishga e’tibor ortdi. Shu o‘rinda Prezidentmizning 2023 yil 25 dekabrdagi sohaga doir qarorining ahamiyati haqida to‘xtalsangiz.

– Prezidentimizning 2021 yil 3 martdagi “Chorvachilik tarmoqlarini davlat tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan naslchilik sub’ektlari 2024 yil 1 yanvarga qadar asosiy faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarga 50 foiz miqdorida imtiyoz berilgandi.

Joylarda naslchilik ishlarini to‘g‘ri tashkil qilish, chorva mollarining mahsuldorligini oshirish, xalqimizni sifatli go‘sht va sut mahsuloti bilan ta’minlashni yaxshilash maqsadida 25 dekabrdagi “Naslchilik xo‘jaliklarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori qabul qilindi.

Qarorga asosan, naslchilik sub’ektlari asosiy faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni 50 foiz pasaytirilgan stavkada to‘lash amaliyoti  2025 yilning 1 yanvariga qadar uzaytirildi. Bunda iqtisod qilingan mablag‘lar sub’ektning asosiy faoliyatni rivojlantirishga yo‘naltirish belgilandi.

Mazkur qarorga ko‘ra, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2023 yil 27 dekabrdagi tegishli buyrug‘i qabul qilindi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya qo‘mitasi, hududiy Veterinariya boshqarmalari hamda tuman Veterinariya bo‘limi rahbar va mutaxassislari tomonidan mazkur qarorning mazmun-mohiyatini barcha naslchilik sub’ektlariga yetkazish hamda tushuntirish ishlarini olib borilmoqda.

–  Naslchilik ishlarini to‘g‘ri tashkil etish chorva mol bosh sonlari va mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlari oshishining garovi sanaladi. Respublikada naslchilik-seleksiya ishlari qanday tashkil qilingan?

– Mamlakatimizda 2019 yilgacha sut va sut-go‘sht yo‘nalishida bor-yo‘g‘i uchta zot – Qora ola golshtin, Qizil ola golshtin va Simmental zotlari parvarishlangan.

Bugungi kunga kelib chet davlatlardan go‘sht yo‘nalishidagi tez yetiluvchan qoramollarning oltita, sut yo‘nalishida ham shuncha yangi zotlar olib kelingan. Ularni yanada ko‘paytirish choralari ko‘rilmoqda.

Shuningdek, mayda shoxli mollarning zotini yaxshilash va mahsuldorligini oshirish maqsadida qo‘y-echkilarning yangi zotlari keltirildi.

Mahalliy qoramollarda sut mahsuldorlik laktatsiya davrida 2800-3000 litrni tashkil qilgan bo‘lsa, naslchilik xo‘jaliklarida bu ko‘rsatkich deyarli 2 barobar ortiq – 5500-6000 litr sut sog‘ib olinmoqda.

Shuningdek, buzoqlarning vazn olishida mahalliy zotlar kuniga yarim kilogramm olsa, naslli buzoqlar kuniga bir kilogrammdan vazn to‘plamoqda. So‘yiladigan bir bosh  mahalliy zotdagi qoramolning o‘rtacha tirik vazni 350 kilogramm bo‘lsa, naslchilik xo‘jaliklarida bu ko‘rsatkich 390 kilogrammga yetkazildi.

Respublikamizda bir bosh sigirning o‘rtacha sut mahsuldorligi 3 ming 400 kilogramga va so‘yishga mo‘ljallangan bir bosh qoramolning o‘rtacha tirik vazni 390 kilogramga yetkazildi. Natijada umumiy podada sof zotli qoramollar ulushi 14 foizga, nasli yaxshilangan qoramollar ulushi 70 foizga  yetkazildi.

Mayda shoxli mollarda ham naslli qo‘y va echkichiliklar umumiy podada sof zotli ulush 22 foizga, nasli yaxshilanganlar ulushi 69 foizga yetkazildi.

Umuman olganda mamlakatimizda chorvachilikka qaratilayotgan e’tibor samara bermoqda. Ayni paytda oldimizda chorvani qishdan betalafot olib chiqish maqsadi turibdi. Bu bo‘yicha ham tizimda barcha zaruriy choralar ko‘rilgan.

O‘zA muxbiri Ikrom Avvalboyev suhbatlashdi.