O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Fitosanitariya talablari yengillashtirilishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi hududini o‘simliklar karantinidagi zararli organizmlardan himoya qilish va o‘simliklar karantini sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2018 yil 29 yanvardagi 65-son qaroriga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2023 yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023 yil 4 sentyabrdagi PQ-292-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, fitosanitariya talablarini yengillashtirish orqali aholining iste’mol talabi yuqori bo‘lgan asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining narx-navosi barqarorligini saqlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 29 yanvardagi 65-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi hududini o‘simliklar karantinidagi zararli organizmlardan himoya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 7-bandi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“7. O‘zbekiston Respublikasi hududiga o‘simliklar karantini nazoratidagi mahsulotlarni olib kirishga O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan berilgan karantin ruxsatnomasi hamda eksport qiluvchi mamlakatning vakolatli davlat organlari tomonidan beriladigan fitosanitar sertifikati yoki guvohnomasi bo‘lgan taqdirdagina ruxsat beriladi.

Quyidagi hollarda o‘simliklar karantini nazoratidagi mahsulotlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishga faqat Agentlik tomonidan har bir partiyaga alohida holda beriladigan karantin ruxsatnomasi bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi:

eksport qiluvchi mamlakatda vakolatli davlat organlari mavjud bo‘lmasa;

eksport qiluvchi mamlakatda fitosanitariya sertifikati (guvohnomasi) talab etilmaydigan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan va uning tashqarisiga olib chiqiladigan o‘simliklar karantini nazoratidagi mahsulotlar ro‘yxatiga kiritilgan fitosanitar xavfi past bo‘lgan karantin ostidagi mahsulotlarga”.

O‘zA