Og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasida murabbiy maslahatchisi sifatida faoliyat yuritgan eronlik Said Aziz Alihusayni iste’foga chiqdi. Bu haqda O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Tajribali xorijlik murabbiy Said Aziz Alihusayni terma jamoadagi so‘nggi mashg‘ulotini o‘tkazdi. Unda Yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisi o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov eronlik mutaxassisning murabbiylik mahorati, bilimi va sportdagi tajribasini yana bir bor e’tirof etgan holda o‘zaro samarali faoliyat va hamkorlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Aytish lozimki, Said Aziz Alihusayni o‘tgan yillardagi mehnat faoliyati davomida O‘zbekiston og‘ir atletikachilarini tayyorlash va nazorat qilishda salmoqli yutuqlarga erishib, “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlari uchun muhim reyting ochkolari qo‘lga kiritilishiga hissa qo‘shdi.

O‘zbekiston terma jamoasi ushbu xorijlik murabbiy ishtirokida o‘tgan yilning 3-13 may kunlari Janubiy Koreyaning Jinju shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida 2 oltin, 4 kumush va 5 bronza medali sohibiga aylandi. Bundan tashqari, 4-17-sentyabr kunlari Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida 3 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarida 2 ta kumush va 2 bronza medaliga ega chiqdi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA