Fransiya poytaxti Parij va uning provinsiyalarida bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlari 2024 yilning eng muhim sport musobaqasi sanaladi.

Joriy yilning 26 iyul-11 avgust kunlari o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarini har jihatdan yuqori darajada tashkil etishga hozirlik ko‘rayotgan Fransiya tomoni “Parij-2024” borasidagi ayrim raqamlarni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, Olimpiya o‘yinlarida dunyoning 14 250 nafar sportchisi ishtirok etadi. Musobaqalarni bevosita kuzatib boradigan tomoshabinlar soni 3 millionni, akkreditatsiyadan o‘tgan jurnalistlar 20 ming nafarni tashkil etishi kutilmoqda. Olimpiya o‘yinlarida xizmat qiladigan ko‘ngillilar esa 45 ming nafar atrofida bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

“Parij-2024” o‘yinlarining 329 ta musobaqalari 39 ta sport majmuasida o‘tishi belgilangan. Olimpiadaning tantanali ochilish marosimi ilk bor ochiq hududda o‘tkazilishi, ya’ni Fransiya poytaxtidan o‘tadigan Sena daryosining 5 kilometr hududini qamrab olishi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Fransiya milliy statistika va iqtisodiy tadqiqotlar instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024 yilgi Parij Olimpiadasi o‘yinlari qurilishini yakunlash uchun 45 milliondan ortiq ish soati talab qilinmoqda. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bu soatlarning 25 millioni yoki yarmidan ko‘pi malakali ishchilar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Olimpiya o‘yinlari ishtirokchilari istiqomat qiladigan “Sportchilar shaharchasi”da bir vaqtning o‘zida 2 ming 800 nafar kishi ish olib borishi nazarda tutilayotgani inobatga olinsa, 17 kunlik musobaqalar holatida kamida 8 ming nafardan ziyod ko‘ngillilar “Sportchilar shaharchasi”da misli ko‘rilmagan mehnat kuchini sarflashi oydinlashadi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA