Qish mavsumida bir qator sport turlari bo‘yicha musobaqalar biroz muddat o‘tkazilmaydi. Biroq ba’zi bir sport turlari borki, mavsum tanlamaydi va ushbu turlar bo‘yicha har bir mavsumda katta nufuzli musobaqalar o‘tkaziladi. Ana shunday sport turlaridan biri millionlar o‘yini, deya e’tirof etiluvchi futboldir.

Yana 9 kundan so‘ng, ya’ni 12 yanvar kuni Qatar futbol maydonlarida Osiyo kubogi o‘tkaziladi. Mazkur musobaqada O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixidagi birinchi Osiyo kubogini qo‘lga kiritish uchun yaxshi imkoniyatga ega. Biroq ushbu maqsadlarni amalga oshirish yo‘lida termamizning eng tajribali futbolchisi Eldor Shomurodov yordam bera olmasligi futbol muxlislarimizning kayfiyatini tushirmoqda.

Bu holat nafaqat O‘zbekiston milliy terma jamoasi, balki turnir tashkilotchilari uchun ham katta yo‘qotish hisoblanadi. Sababi, har bir musobaqada dunyoning eng kuchli ligalarida o‘ynaydigan yulduzlarning to‘p tepishi o‘sha turnir saviyasini yanada yuksaltiradi va unga e’tiborni oshiradi. Albatta, Eldorning o‘rnini bosa oladigan, jamoamizni g‘alabaga yetaklaydigan boshqa futbolchilarimiz ham bor va ular zimmasidagi mas’uliyatni yaxshi anglamoqda.

Ana shunday futbolchilarimizdan biri Jaloliddin Masharipovdir. Osiyo futbol konfederatsiyasi ekspertlari ham E.Shomurodovning musobaqada qatnashishi so‘roq ostida qolayotganini inobatga olib, O‘zbekiston milliy terma jamoasida eng muhim figura sifatida Jaloliddinni ko‘rsatmoqda.

Srechko Katanets jamoasida eng katta tajribaga ega o‘yinchilardan biri bo‘lgan Jaloliddin Masharipov terma jamoa safida 53 ta uchrashuvda raqiblar darvozasiga 11 ta to‘p kiritgan. Shuningdek, u Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va Gretsiya jamoalari tarkibida yuqori saviyada o‘yin o‘tkazib kelmoqda.

Shu tariqa, universal futbol uslubida o‘ynaydigan Jaloliddin terma jamoamiz safida o‘zining yorqin o‘yinlarini namoyish etadi va futbolchilarimizni Osiyo kubogi g‘olibligi tomon yetaklaydi. Yana shuni umid qilamizki, Eldor Shomurodov ham musobaqaning muhim o‘yinlariga qadar safga qaytadi.

Qariyb ikki oydan so‘ng mamlakatimizda Super va Pro-liga bahslari boshlanadi. Albatta, milliy musobaqalarimiz uchun jamoalar yuqori saviyada tayyorgarlik o‘rmoqda. Jumladan, “Andijon” joriy yilgi mavsum uchun tayyorgarlikni bugun, 3 yanvar kunidan boshlamoqda. Mashg‘ulotlardan avval, futbolchilar dastlab tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi va 5 yanvar kuni yig‘in o‘tkazish uchun Tojikistonning Xo‘jand shahriga yo‘l oladi.

Reja bo‘yicha u yerda ikki hafta davomida mashg‘ulotlar olib boriladi. Asosan jismoniy yuklamalarga e’tibor qaratiladi. Shuningdek, yig‘in doirasida ikkita nazorat uchrashuvi o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan. Tojikistondagi yig‘in 19 yanvarga qadar davom etadi.

Yangi mavsum oldidan Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritishni reja qilgan “Qo‘qon-1912″ klubi esa 5 yanvardan mashg‘ulotlarni boshlaydi. Jamoaning ilk o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tadi.

Darvoqe, Qatardagi Osiyo kubogi arafasida Eron terma jamoasida ham kutilmagan muammo yuzaga kelmoqda. Jamoaning eng ishongan futbolchisi Sardor Azmun kubokning guruh bahslarida termasiga yordam bera olmasligi mumkin. Bunga sabab Italiyaning “Roma” klubida to‘p tepayotgan Azmun jamoa bilan tuzilgan shartnomada futbolchining Osiyo kubogi vaqtida rimliklar safida qolish bandi borligidir. Agarda klub uni musobaqaga qo‘yib yubormasa, Azmun ushbu turnirga kela olmaydi.

“Roma” va Sardor Azmun o‘rtasidagi bu holat ijobiy tarzda hal bo‘lishini tilagan holda sharhimizni Yevropa qit’asidagi yangiliklar bilan davom ettiramiz.

Yevropa ligalarida asta sekinlik bilan qishki transferlar oynasi ochilmoqda. Doimgidek transfer oynasi davomida Ispaniya futboli uchun kutilmagan holatlar sodir bo‘ladi. Bu safar Ispaniya chempionatida 86 nafar futbolchining shartnomasi yakunlanishiga yarim yil vaqt qoldi va FIFA qoidalariga ko‘ra, ularning barchasi boshqa klublar bilan muzokara o‘tkazish huquqiga ega.

Tarkib masalasida eng ko‘p bosh qotirishi kerak bo‘lgan jamoa “Atletik Bilbao”dir. Bu jamoaning to‘qqiz nafar o‘yinchisi – Munyain, Ander Errera, Raul Garsiya, Guruseta, Berenger, Yuri Berchiche, de Markos, Nolaskoayn, Dani Garsiyaning shartnomasi mavsum oxirida tugaydi. Shuningdek, bu muammo “Vilyarreal”da ham bor. Jamoada erkin agentga aylanish arafasida turgan futbolchilar soni sakkiz nafarni tashkil qilmoqda. Shuningdek, “Atletiko” ham yetti futbolchisi kelajagi bo‘yicha bir qarorga kelishi kerak. Ispaniya chempionati yuqori divizionida faqatgina “Real Sosedad”da erkin agentga aylanadigan o‘yinchilar yo‘q.

Futbolga ixtisoslashgan “Goal” nashri yangi mavsumning eng yaxshi transferlari reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra, yozgi transferda “Borussiya”dan “Real”ga ko‘chib o‘tgan Jud Bellingemning transferi birinchi o‘ringa loyiq topildi. Ushbu transfer narxi 111 million AQSH dollarini tashkil qilgan edi. Ikkinchi pog‘onada esa “Tottenhem” dan 109,7 million AQSH dollariga “Bavariyaga” o‘tgan Harri Keyn transferi joy oldi. “Renn” va “Shtutgart” o‘rtasida 9,8 million AQSH dollari bilan baholangan Seru Girassi kelishuvi uchinchi o‘ringa mos ko‘rildi.

Yozgi transfer oynasi ochilishi bilan “Real Madrid” prezidenti Florentino Peres dunyoning eng kuchli ikkita hujumchisi bilan shartnoma imzolamoqchi. Madrid jamoasi yozda Kilian Mbappe va Erling Xolandni jamoaga olib kelish niyatida.

Ma’lumot uchun, Mbappening “PSJ” bilan tuzgan shartnomasi shu yil yozda tugaydi. Erlingesa “Manchester Siti” bilan 2027 yilga qadar shartnoma tuzgan.

“IFFHS” o‘tgan 2023 yilgi mavsumda yilning eng yaxshi pleymeykerlari nomini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Kevin de Bryuyne o‘tgan yilning eng yaxshi pleymeykeri sifatida tan olindi. U 2020 va 2021 yilda ham eng yaxshi pleymeyker bo‘lgandi. Shuningdek, Bryuynedan keyingi o‘rinlarni Lionel Messi va Bernardu Silva egalladi.

Angliya futboli ekspertlari 2023 yil yakuniga ko‘ra, Premer-liganing birinchi qismida eng ko‘p dribling qo‘llagan futbolchilar reytingini tuzib chiqdi. Mutaxassislar birinchi o‘ringa “Manchester Siti”ning belgiyalik hujumkor futbolchisi Jeremi Dokuni munosib ko‘rdi. Bu futbolchi uchrashuvlar davomida 44 marotaba dribling ishlatgan. Keyingi o‘rinlarni “Vulverxempton” vakili Mateus Kunya (42 ta), “Vest Xem” hujumchisi Muhammad Qudus (41ta) egalladi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA