Dunyo uzra Yangi yil bayrami shodiyonalari hamon davom etayotgan bir vaziyatda, sport olamida bir qator musobaqalar oldidan tayyorgarliklar, turli turnirlar va oldinda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan musobaqa kunlari aniqlanmoqda. Olimpiya yilida bir qator sport turlari bo‘yicha sportchilar o‘zlari uchun muhim reyting ochkolarini yig‘ish va to‘rt yillikning eng muhim sport tadbiri – Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalar olish uchun musobaqalarga tayyorlanmoqda.
Jumladan, qilichbozlikning sablya yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi yetakchilari Zaynab Dayibekova, Sherzod Mamutov hamda Musa Aymuratov yakkalik dasturda “Parij-2024” yo‘llanmasi uchun kurash olib bormoqda. Ular shu kunlarda Vengriyada xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda. Qilichbozlarimiz yig‘in doirasida Budapesht shahrida 6-7 yanvar kunlari o‘tkaziladigan Jahon kubogida ishtirok etishlari kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, Vengriya yig‘ini yakuniga yetganidan so‘ng sportchilarimiz 10 yanvar kuni Tunisda o‘tadigan kattalar o‘rtasidagi Gran-pri turnirida ham qatnashadi.
***
Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi yangi sport mavsumiga ilk tayyorgarlikni 2-7 yanvar kuni Italiyada, 7-15 yanvar kunlari Avstriyada, 15-20 yanvar kunlari esa Germaniyada o‘tkazadi. Mazkur mamlakatlarda olib boriladigan xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari polvonlarimiz uchun oldinda kutilayotgan qator musobaqalar, xususan Gran Pri va “Katta dubulg‘a” turnirlariga tayyorgarlik vazifasini o‘tab beradi.
***
Taekvondo WT bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi navbatdagi jahon chempionati 2025 yilda tashkil etiladi. Butunjahon taekvondo assotsiatsiyasi musobaqa mezbonligini Xitoyning Usi shahriga topshirdi.
Ma’lumot uchun, 2021 yilgi Jahon chempionati Usi shahrida o‘tkazilishi kerak edi. Biroq koronavirus pandemiyasi tufayli ushbu musobaqa bekor qilindi. Endilikda taekvondo olamidagi ushbu yirik shahar 2025 yilgi chempionatni o‘zida qabul qiladigan bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, kattalar o‘rtasida o‘tgan yili Ozarbayjonda o‘tkazilgan dunyo birinchiligida terma jamoamiz 1 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan.
***
Xabaringiz bor, joriy yilning 12 yanvar-10 fevral kunlari Qatarda futbol bo‘yicha Osiyo kubogi bahslari bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo kubogida qatnashish uchun kuni kecha Qatarga yetib bordi. Mazkur musobaqada terma jamoamiz “V” guruhida Suriya, Hindiston, Avstraliya jamoalariga qarshi o‘yin o‘tkazadi. Futbolchilarimiz ilk uchrashuvda 13 yanvar kuni Suriya termasiga qarshi maydonga tushadi.
***
Tennis olamida shunday sportchi borki, uning har bir uchrashuvini millionlab muxlislar kutadi. Albatta, o‘z vaqtida tennis qiroli bo‘lgan ispaniyalik Rafael Nadal uzoq tanaffusdan so‘ng, kortga qaytdi.
Avstraliyaning Brisben shahrida o‘tayotgan tennis bo‘yicha ATP turnirida Rafael Nadal ilk uchrashuvini avstriyalik Dominik Timga qarshi o‘tkazib, unda 7/5, 6/1 hisobida g‘alaba qozondi. Endi Rafael ikkinchi davrada avstraliyalik Jeyson Kablerga qarshi kortga chiqadi.
***
Xabaringiz bor 2026 yil Yaponiyaning Nagoya shahrida XX yozgi Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Qiziqarli jihati shundaki, mazkur qit’a musobaqasi start olishiga 999 kun qoldi. Umid qilamizki, ushbu musobaqada O‘zbekiston delegatsiyasi yanada ulkan marralarni zabt etadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston delegatsiyasi “Xanchjou – 2022” XIX yozgi Osiyo o‘yinlarida 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza, jami 71 ta medal qo‘lga kiritib, 45 mamlakat orasida 5-o‘rinni egallagan edi.
***
Dunyoga mashhur “ESPN” sport portali yakuniga yetgan 2023 yilning professional boksdagi bir nechta nominatsiya bo‘yicha eng yaxshilarini aniqladi.
Jumladan, “Eng yaxshi bokschi” nominatsiyasida yaponiyalik Naoya Inoue e’tirof etilgan bo‘lsa, “Yil jangi” nominatsiyasida Xayme Mungia hamda Sergey Derevyanchenko o‘rtasidagi bahs g‘olib deb topildi. “Yil murabbiyi” e’tirofiga amerikalik mutaxassis Brayan Makintayr sazovor bo‘ldi. Shuningdek, yana bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha o‘tgan yilning eng yaxshilari aniqlandi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA