Buxoro viloyati hokimligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bilan birga hudud aholisining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, jamiyatda o‘zaro hamjihatlik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik va xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlash borasida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu xayrli tashabbuslar doirasida bayram arafasida tumandagi ijtimoiy himoyatalab oilalardan bo‘lgan 8 juft kelin-kuyovning nikoh hamda 10 nafar bolaning sunnat to‘ylari o‘tkazildi.
Ushbu maqsadda tumanning eng chekka ovul va mahallalarida yashayotgan ijtimoiy himoyatalab oilalarning yashash sharoitlari, moddiy ahvoli o‘rganildi. Farzandlarining sunnat va nikoh to‘ylarini o‘tkazishda ko‘makka muhtoj bo‘lgan oilalar ro‘yxati shakllantirildi.
Tantanada kelin-kuyovlar va to‘y bolalar karnay-surnay sadolari ostida milliy an’analarimizga muvofiq kutib olindi. Tadbirga kelin-kuyovlar, to‘y bolalarning ota-onalari, yaqin qarindoshlari, mahalla faollari, faxriylar, jamoatchilik vakillari va yoshlar taklif etildi.
Tadbirda so‘z olganlar Prezidentimiz rahnamoligida inson manfaatlarini himoya qilish, aholining barcha qatlami, xususan, ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalar turmush sharoitini yaxshilash, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Yangi oila qurayotgan yoshlarga, sunnat to‘ylari nishonlanayotgan to‘y bolalarga ezgu niyat va istaklar bildirildi. Ularga baxt va omadlar tilandi.
Tadbirda yosh kelin-kuyovlarga, sunnat to‘yi bo‘layotgan bolajonlarga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri