Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi tomonidan ushbu davlatda O‘zbekiston turizmi salohiyatiga bag‘ishlangan navbatdagi videolavha Berlin Markaziy temir yo‘l vokzali (Berliner Hauptbahnhof) LED-reklama ustunlarida namoyish etildi.

Elchixonamiz tomonidan “DIEMEDIAFABRIK Agentur für Mediaberatung GmbH” media-xizmati agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur sayyohlik videoroligi Rojdestvo va Yangi yil bayrami arafasida eng muhim reklamalar qatorida o‘rin oldi.

Ma’lumki, nemislar eng ko‘p sayohat qiluvchi xalqlar sirasiga kiradi. Germaniyalik soha vakillarining fikricha, “Buyuk Ipak yo‘li”da joylashgan qadimiy va hamisha navqiron shaharlarimiz, asrlar osha jozibadorligini saqlab kelayotgan tarixiy obidalarimiz, boy va xilma-xil madaniyatimiz nemis sayyohlarini o‘ziga tobora jalb qilmoqda.

Berlindagi mazkur zamonaviy va yirik Markaziy vokzalning 58 ta LED-reklama ustunlarida namoyish etilayotgan videorolik mamlakatimizning turistik salohiyati, madaniy-tarixiy, ekologik, ma’rifiy, etnografik, gastronomik, sport, ekstremal kabi turlari haqida hikoya qiladi. Bundan tashqari, unda yurtimizning jozibador tabiati, shirin-shakar mevalari, barcha fasllardagi turizm imkoniyatlari tasvirlangan.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, ushbu vokzal Germaniyaning eng katta temir yo‘l vokzallaridan biri bo‘lib, mahalliy, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha kuniga 1 ming 300 ta poyezd qatnovi orqali 330 mingga yaqin sayohatchi hamda mahalliy yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi. Vokzal Yevropada ko‘p qavatli temir yo‘l vokzallari orasida eng kattasi hisoblanadi. Poyezd mamlakatda eng ko‘p foydalaniladigan jamoat transportlaridan sanaladi. Undan nafaqat shahar aholisi, balki butun dunyodan tashrif buyuradigan mehmonlar ham bajonidil foydalanadilar. Uning qulaylik jihati shahar metropoliteni, avtobus-tramvaylari bilan ham bevosita tutashgan.

O‘zbekistonning turizm sohasidagi yuksak salohiyatini dunyoga tanitishga qaratilgan chora-tabdirlar yurtimizni dunyo sayyohlarining eng sevimli maskanlaridan biriga aylanishiga xizmat qiladi.

N. Ziyodullayeva, O‘zA