FOTOREPORTAJ

Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida Nukus va Andijon garnizonlarida yigitlik burchini o‘tayotgan askarlar va ularning yaqinlari ishtirokida “Askar onalarini sharaflaymiz!” mavzuida onlayn videokonferens aloqa bo‘lib o‘tdi.

Unda Andijon garnizoni harbiy qismida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan qoraqalpog‘istonlik yigitlar ota-onalari bilan diydor ko‘rishgan bo‘lsa, Nukus garnizonida yigitlik burchini bajarayotgan andijonlik askarlar yaqinlari bilan onlayn rejimda uchrashdi.

Tadbir hayajonli va quvonchli lahzalarga boy o‘tdi. To‘qqiz oydan buyon ming chaqirim olisda, yurt himoyachisi, degan sharafli vazifada harbiy xizmatni o‘tayotgan farzandini onlayn bo‘lsa-da, ko‘rib quvongan onalarning ko‘zlari quvonch yoshlari, otalarning qalbi g‘urur va iftixordan to‘lib toshdi.

Andijonlik va qoraqalpog‘istonlik askarlar ota-onalari va yaqinlariga harbiy xizmatdagi shart-sharoitlar haqida so‘zlab, dil izhorlarini she’r va qo‘shiqlar bilan ifodaladi.

Askarlar ota-onalari va yaqinlarini kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan tabriklagan bo‘lsa, ularning yaqinlari komandir va boshliqlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Tadbirda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Qoraqalpog‘iston Respublikasi mintaqaviy bo‘linmasi a’zolari va faxriylar ishtirok etdi.

Qoraqalpog‘istonlik askarlarning onalariga harbiy okrug qo‘mondonligining tashakkur xatlari yetkazildi.

Nukus garnizonida yigitlik burchini o‘tayotgan yigitlar hayoti haqida so‘zlovchi videolavha yurtimiz himoyasi ishonchli qo‘llarda ekanini namoyish etdi.

Tadbir yakunida qoraqalpog‘istonlik askarlarning ota-onalari uchun harbiy okrug tarixi muzeyiga sayohat tashkil etildi.

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA