BAAdan yangi yil tabrigi (+video)

So‘nggi yillarda mamlakatimizning arab davlatlari bilan hamkorligi jadal rivojlanmoqda. Ayniqsa, Birlashgan Arab Amirliklari O‘zbekistonning mintaqadagi asosiy sheriklaridan biriga aylanmoqda.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yuqori darajadagi ishonch, do‘stona munosabat O‘zbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritgan dastlabki yillardayoq o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam poydevor yaratdi.
Bugungi global o‘zgarishlar davrida xalqaro hamjamiyat vakillari, hukumat a’zolari, ayniqsa jurnalistlar yaqin hamkorlik qilishi, tajriba almashishi muhim ahamiyat kasb etmoqda. OAV vakillarining kreativ fikrlashini, dunyo miqyosida ro‘y berayotgan yangiliklarni ommaga yetkazishdagi roli, salohiyatini oshirish maqsadga muvofiq. Buning uchun xalqaro tajriba, jumladan, media-industriyaga alohida urg‘u qaratish kerak, deb o‘ylayman.
O‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida turli soha vakillari, xususan, xorij jurnalistlarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish loyihasi ustida ishlayapmiz. Dastlab BAAda faoliyat yuritayotgan yetakchi axborot agentliklari xodimlari uchun maxsus press-tur uyushtirishni rejalashtirganmiz. Tashabbuslarimizni Turizm qo‘mitasi qo‘llab-quvvatlamoqda. Mehmonlarni diyorimizning mashhur, ko‘hna shaharlari – Samarqand, Buxoro, Xiva va poytaxt Toshkent bilan tanishtirish, qator tashkilot, idoralarda uchrashuvlar o‘tkazish ham BAA, ham O‘zbekiston uchun juda foydali ekani shubhasiz.
Umuman, yirik xalqaro anjumanlar tashkil etib, chet ellik mutaxassislar, media yo‘nalishidagi ekspertlarni taklif qilish yurtimiz media-industriyasini tubdan rivojlantirishi tayin.
Fursatdan foydalanib, o‘zbek xalqini Yangi yil bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman. Har bir xonadonda tinchlik, mahallalarda obodlik, odamlar kulgusida shodlik, xurramlik bo‘lsin.
Abdulaziz Aqqulov,
O‘zbekiston Respublikasining
BAAdagi Favqulodda va muxtor elchisi,
O‘zA