Daniel Kristian Chobanu: Ruminiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik abadiy bo‘lsin!

338

Ruminiyaning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Daniel Kristian Chobanu Yangi yil bayrami munosabati bilan o‘zbek xalqiga tabrik yo‘lladi.

Qutlov murojaatida diplomat hamkorlik barcha sohalarda jadal rivojlanayotgani, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar ikki tomonlama aloqani chuqurlashtirish uchun yangi imkoniyat ochayotganini ta’kidlagan.

Darhaqiqat, Ruminiyaning Markaziy Osiyo mintaqasidagi ustuvor manfaati O‘zbekiston bilan siyosat, diplomatiya, savdo-iqtisodiyot, madaniyat va ta’lim sohalarida hamkorlikni mustahkamlash maqsadi bilan hamohang. Tabiiyki, diyorimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mavjud sheriklikni kengaytirish uchun yangi istiqbol ochmoqda.

Elchi 2023 yil Ruminiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik uchun juda muvaffaqiyatli yil bo‘lganini mamnuniyat ila qayd etib, yakuniga yetib borayotgan yilni “Ruminiya va O‘zbekiston: siyosiy va diplomatik muloqot yili” deb atadi.

– Joriy yilning oktyabr oyida Lyuksemburgda Ruminiya tashqi ishlar vaziri Luminita Odobesku va O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Bahtiyor Saidovning “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” vazirlar uchrashuvi doirasidagi muloqoti eng muhim voqealardan biri bo‘ldi, – deydi elchi Chobanu. – Ruminiya Iqtisodiyot, tadbirkorlik va turizm vazirligi davlat kotibi, Ruminiya Raqobat kengashi rahbarining mamlakatingizga tashrifi ham hamkorligimizdagi muhim tarixiy voqeaga aylandi.

Iqtisodiy sohadagi hamkorligimiz samarali rivojlandi. Madaniyat, san’at yo‘nalishida Ruminiya O‘zbekistonda kuchli o‘rin tutgan. Ruminiya ikki tomonlama munosabatimiz tarixida birinchi marta Toshkent xalqaro Jazz festivalida, ikkinchi marotaba Toshkent xalqaro kinofestivalida ishtirok etdi.

Elchixonamiz xalq diplomatiyasi bo‘yicha bir qator muvaffaqiyatli tadbirlarda ham qatnashdi. O‘zbekistonda havo sharida 1 soat davomida 900 metrga parvoz qilganimni hamda Po‘latxon platosiga 2823 metr ko‘tarilgan birinchi elchi bo‘lganimni faxr-iftixor bilan aytib o‘tmoqchiman. Kelgusi yildagi asosiy maqsadimiz hamkorligimizdagi ijobiy tendensiyani davom ettirishdir.

Fursatdan foydalanib, o‘zbek xalqini Yangi yil bilan chin qalbimdan tabriklayman. Kirib kelayotgan yangi 2024 yil har bir oilaga sog‘lik-salomatlik, baxt va farovonlik olib kelsin. Ruminiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik abadiy gullab-yashnasin!

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA