FOTOREPORTAJ
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal –demokratik partiyasi (O’zLiDeP) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi va ko‘ngilli yoshlar (volontyorlar) tashabbusi bilan Yangi yil bayrami arafasida xayriya aksiyasi tashkil qilindi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi Sh. O‘temisov va O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi S. Turmanov barchani bayram bilan qutlab, mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar xususida alohida to‘xtaldi.
Tadbir doirasida “O‘zbekiston maxsus olimpiadasi” jamoat birlashmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi a’zolari tomonidan yasalgan turli buyumlar yarmarkasi tashkil etilib, sotuvga quyildi. Sotuvdan tushgan pullar esa nogironligi bo‘lgan shaxslar salomatligiga foydali bo‘lgan sport inventarlarini xarid qilish uchun sarflanadi.
Xayriya aksiyasida imkoniyati cheklangan insonlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha loyiha taqdimoti o‘tkazildi. Imkoniyati cheklangan insonlar tomonidan qiziqarli raqs va konsert dasturlari, shuningdek, hunarmand va rassomlar ishtirokida mahorat darslari tashkil qilinib, unda milliy taqinchoqlar, suvenir buyumlari va eko sumkalar tayyorlash jarayonlari amalda ko‘rsatildi.
Tadbirda faol qatnashgan ko‘ngilli yoshlarga tashkilotchilarning tashakkurnomalari topshirildi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA