Yangi yil bayrami munosabati bilan Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, ota-ona qarovisiz qolgan bolalar, ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida halok bo‘lgan bolalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun berilgan Prezident sovg‘alari ularga katta xursandchilik bag‘ishlamoqda.
Mamlakatimiz iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash yo‘lida bojxona organlarida xizmat qilib, qahramonlarcha halok bo‘lgan mard bojxonachilarning farzandlari uchun 10 dona “Prezident sovg‘asi” Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi rahbariyati mas’ulligida o‘z egalariga yetkazildi.
Soha mutasaddilari bojxona tizimida xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida shahid bo‘lgan T.Ordabayev, I.Matekeyev, A.Kubeysinov va A.Baymuratovning xonadonlarida bo‘lib, ularning yaqinlari holidan xabar olishdi. Marhumlarning xotirasiga Qur’on tilovat qilinib, ularning farzandlariga Yurtboshimizning sovg‘alari topshirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri