Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatrida yil sarhisobiga bag‘ishlangan “Ayolga ehtirom”mavzusida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari R.Saparbayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.Ahmedova so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash, jamiyatimiz hayotidagi  ijtimoiy-siyosiy  faolligini oshirishga qaratilayotgan e’tiborni ta’kidladi.

Darhaqiqat, so‘nggi yillarda bu borada amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar tufayli bugun ularning jamiyatdagi o‘rni va mavqei tobora yuksalib bormoqda. Chunki oila tayanchi, jamiyat ustuni bo‘lgan onalarimiz, ayollarimiz hayotdan rozi bo‘lsa, butun xalqimiz hayotdan rozi bo‘ladi.

Tadbirda turli sohalarda fidokorona mehnat qilib, boshqalarga o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh xotin-qizlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.

–Yangi yil bayrami arafasida kamtarona mehnatimizni munosib baholagani uchun minnatdorlik bildiramiz, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Ellikqal’a tumani bo‘limi rahbari, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Aysha Matniyazova. –Bugungi kunda xotin-qizlarimiz sog‘liqni saqlash, ta’lim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat, san’at, sanoat va boshqa sohalarda samarali mehnat qilib, yurtimiz rivojiga beqiyos hissa qo‘shib kelmoqda. Ayollarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash borasidagi keng ko‘lamli islohotlar ijobiy samarasini bermoqda.

Tadbir ishtirokchilari uchun san’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.

Dovud  Abibullayev, Maqsad  Habibullayev (surat),

O‘zA muxbirlari