Xitoy Xalq Respublikasining “Sinxua” axborot agentligining xitoy tilidagi “Katta besh” (big5.news.cn) yangiliklar nashri “Xitoy korxonasi tomonidan Markaziy Osiyodagi eng yirik 400 MVt quvvatga ega fotoelektr loyihaning birinchi bosqichi elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun tarmoqqa ulandi” nomli maqolani e’lon qildi.

Maqolada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida 27 dekabr kuni O‘zbekistonning oltita hududida 5 ta quyosh, 1 ta shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish va tarmoqqa ulashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tgani tilga olingan.

Tadbirda “China Energy Engineering Corporation” kompaniyasi vitse-prezidenti Vu Yun, “China Energy International Group” kompaniyasi boshqaruvi raisi Lyu Szesyan, “China Gezhouba Group” kompaniyasi boshqaruvi raisi Lin Syaodan, “SEPCO III”, “Dongfang Electric Corporation” va boshqa kompaniyalar rahbarlari ishtirok etgani tilga olinib, O‘zbekistonda energetika tizimini isloh qilish va barqarorligini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur amalga oshirilayotgani e’tirof etilgan.

Keyingi yillarda tarmoqda xususiy sektor va yetakchi xorijiy kompaniyalar faoliyatiga qulay sharoitlar yaratilgani, ular ishtirokida O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energetika salohiyatini kengaytirishga qaratilgan ko‘plab loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani ta’kidlangan.

Dunyodagi saksondan ortiq davlatlardagi katta-kichik loyihalarda faol ishtirok etadigan Xitoyning nufuzli “China Gezhouba Group” kompaniyasi Buxoro va Qashqadaryoda har birining umumiy quvvati 1000 megavattlik quyosh stansiyalarining birinchi bosqich qurilishi yakunlangani urg‘ulangan.

Muharrama Pirmatova, O‘zA