Bojxona organlariga biriktirilgan “maxsus toifa”dagi e’tiborga muhtoj yoshlarning har biriga qonun doirasida ijtimoiy-iqtisodiy, psixologik amaliy ko‘mak berilib, mavjud muammolariga yechim topilmoqda.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasiga biriktirilgan Xo‘jayli tumanida istiqomat qiluvchi Aziza Sarsenbayevaning ko‘rish qobiliyati pasayib ketgan, “yuqori darajali miyopiya, ikkala ko‘zining murakkab miyopik astigmatizmi” tashxisi qo‘yilgan edi.
Bojxona xodimlarining ko‘magi bilan Azizaning ikkala ko‘zida ham jarrohlik amaliyoti bajarilib, uning ko‘rish qobiliyati tiklandi. Maxsus toifadagi yoshlarga qaratilayotgan e’tibor va sharoitlardan unumli foydalangan Aziza shu yilning o‘zida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi bo‘lish baxtiga ham muyassar bo‘ldi.
Azizaning intilishlari va yaratilgan imkoniyatlar samarasidan to‘g‘ri foydalana olganligi inobatga olinib, Bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonov rahbarligida joriy yilning 21 dekabrida o‘tkazilgan “Yoshlar forumi”da u bojxona organlarining qimmatbaho sovg‘asi “qo‘l soati” bilan taqdirlangan edi.
Yangi yil bayrami arafasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari O.Kadirov mas’ul vakillar bilan birga Azizaga mazkur mukofotni tantanali ravishda topshirdi.
Berilgan e’tibor va mehr-muhabbatdan xursand bo‘lgan Aziza hukumatimizda maxsus toifadagi yoshlar bilan ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilganligi va ushbu tizim doirasida amalga oshirilayotgan xayrli ishlar uchun davlatimiz rahbari va mutasaddi idoralarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
So‘nggra mas’ullar Xo‘jayli tumani “Tasko‘pir” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi maxsus toifaga kiritilgan 9- sinf o‘quvchisi Aqmaral Xudoybergenovaning yashash xonadonida bo‘lib, bayram bilan tabrikladi. Mas’ul idoralar bilan hamkorlikda uning pullik ta’lim kurslarida qatnashishiga imkoniyat yaratib berilgan edi. Suhbat jarayonida bojxona mas’ullari o‘qish jarayonining borishi va mavjud muammolari bilan qiziqishdi.
Yoshlarga bojxona organlarining esdalik sovg‘alari ham taqdim etildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri