Yurtdoshlarimizga Yangi yil bayrami shukuhini ulashish maqsadida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi Nukus shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog‘iston filialida davolanayotgan bemorlar holidan xabar olib, ularni yaqinlashib kelayotgan bayram bilan tabriklashdi.
Mehr-muruvvat, saxovat ulashish xalqimizda ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan olijanob qadriyatlar sirasiga kiradi. Ayniqsa, bayramlar arafasida ehtiyojmand oilalarni, shifo izlagan bemorlarni yo‘qlash, ularning holidan xabar olish va muruvvat ko‘rsatish xayrli an’anaga aylangan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, insoniylik belgisi sanalgan mehru muruvvat zamirida savob amallar mujassamdir.
Qorbobo kiyimidagi Nukus garnizoni harbiy orkestri ijodkorlarining bayramona kuy va qo‘shiqlari bemor bolajonlarning qalbini nurga to‘ldirib, ular salomatligi yo‘lida fidoyilarcha xizmat qilayotgan shifokor va hamshiralarga ayyom shukuhini ulashdi.
Harbiy xizmatchilar orqali tarbiyalanuvchilarga yetib kelgan Qorboboning Yangi yil sovg‘alari mehrga muhtoj qalb egalarining kayfiyatini ko‘tarib, ularning quvonchiga yanada quvonch qo‘shdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri