Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish jadallashtiriladi

341

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirishni jadallashtirish hamda ilg‘or raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi “IT-Med” davlat muassasasi tugatilib, uning vazifa va funksiyalari “Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator – “UZINFOCOM” MCHJ zimmasiga yuklatiladi.

Yagona integratorning vazifalari quyidagilardan iborat bo‘ladi:

ilg‘or xalqaro tajriba asosida sog‘liqni saqlash tizimida biznes jarayonlarini raqamlashtirish orqali maqbullashtirish va soddalashtirish hamda bu boradagi mexanizmlarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;

“Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimlarining yagona kompleksini joriy etish va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ularning boshqa davlat organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyasini ta’minlash;

tibbiyot va farmatsevtika sohasida raqamli texnologiyalar va kommunikatsiyalar siyosati va standartlarini joriy etish; 

sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan axborot tizimlarini rivojlantirish va xorijiy moliya tashkilotlari tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalarning texnik-iqtisodiy parametrlari, konsepsiyalari, shuningdek, boshqa loyiha va loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqish; 

belgilangan vazifalarni ruyobga chiqarish maqsadida investorlar, biznes hamkorlar va autsorsing xizmatlarini jalb qilishdan iborat bo‘ladi. 

“IT-Med” davlat muassasasi tomonidan amalga oshirilayotgan joriy loyihalar bo‘yicha, shu jumladan tuzilgan shartnomalar doirasida huquq va majburiyatlar to‘liqligicha Yagona integratorga o‘tadi.

Qarorga muvofiq, “Raqamli sog‘liqni saqlash islohotlarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida Raqamli sog‘liqni saqlash platformasi ishlab chiqiladi.

Respublikadagi barcha tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlari, shu jumladan dorixonalar majburiy tartibda bosqichma-bosqich Platformaga ulanadi.

Sog‘liqni saqlash sohasidagi axborot tizimlari, resurslari va boshqa dasturiy mahsulotlarni yaratish va joriy etish majburiy tarzda Yagona integrator bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

O‘zA