Yana sanoqli soatlardan so‘ng 2023 yil bilan xayrlashib, yangi – 2024 yilni qarshi olamiz.

Yangi yilning ilk oyida Qatarda o‘tadigan Osiyo kubogi bahslari qit’a yashil maydonlari qatori O‘zbekiston futboliga ham millionlar o‘yinining o‘ziga xos shiddati-yu zavqini, gollarga boy jozibasini olib kirishidan umidvormiz.

Xo‘sh, 2024 yilgi qit’a kubogi o‘yinlarida terma jamoamiz qanday o‘yin namoyish etadi. Srechko Katanes yetakchiligidagi murabbiylar kengashi tomonidan shakllantirilgan jamoa muxlislar ishonchini oqlay oladimi? Shomurodov garchi tarkibga kiritilgan bo‘lsa-da, maydonga tushmasligi terma jamoa o‘yin uslubiga qay tarzda ta’sir ko‘rsatadi?

Savollar ko‘p. Mushohadalar bisyor. Vaqt esa bizni tobora Qatar yashil maydonlarida boshlanajak Osiyo kubogi bahslari sari yaqinlashtirmoqda.

Kuni kecha O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati Qatarda boshlanadigan chempionatda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan 28 nafar futbolchi qaydnomasini e’lon qildi. Osiyo kubogi nizomiga asosan musobaqada terma jamoalar 26 nafar futbolchi bilan qatnashishi belgilanganini inobatga olsak, 2 nafar futbolchi tarkibda bo‘lsa-da “maydon tashqarisida” qolishi ehtimolga yaqin. Ulardan biri Eldor Shomurodov bo‘lsa, ikkinchisi aynan kimligiga murabbiylar kengashi aniqlik kiritadi.

2024 yilning 12 yanvaridan boshlanadigan qit’a kubogida ishtirok etadigan O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2 yanvar kuni so‘nggi tayyorgarlik mashg‘ulotlarida ishtirok etish uchun Dohaga yo‘l oladi.

Terma jamoamiz 7 yanvar kuni Falastinga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi. Ushbu uchrashuv murabbiylar kelishuviga ko‘ra, yopiq tarzda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Osiyo kubogi o‘yinlarining yaqin tarixiga nazar tashlansa, O‘zbekiston terma jamoasi 2011 yilgi qit’a chempionatida 4-o‘rinni egalalagan bo‘lsa, 2015 yilgi chempionatda hamyurtlarimiz 1/4 final bosqichiga qadar yetib borgan, 2019 yilgi qit’a chempionatida esa hamyurtlarimizga 1/8 final bochqichi nasib etgandi.

Bu safar istaklarimiz imkoniyatlarimizga mos kelarmikan? Srechko Katanes boshchiligidagi murabbiylar shtabi tomonidan ishlab chiqilgan yoki ishlab chiqilajak o‘yin taktikasi Osiyo kubogida samara berarmikan singari umidvorligimizni Abbosbek Fayzullayev, Bobir Abdiholiqov, Igor Sergeyev, Oston O‘runov kabi mahoratli futbolchilarimizdan iborat terma jamoamiz o‘z o‘yin uslubi, xarakteri, ruhiy quvvati bilan Qatar maydonlarida haqiqatga aylantira olishiga ishongimiz keladi.

Shu o‘rinda bir haqiqatni aytish lozim, o‘tgan 10-15 yillik narisidagi milliy terma jamoamiz bilan bugungi tarkibni, ularning jismoniy va taktik holatini solishtirsak osmon bilan yercha faqrni ko‘rish mumkin. Qolaversa, eng muhim jihatlardan yana biri davlatimiz tomonidan futbolga, milliy terma jamoalarga, har bir futbolchiga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, yaratilayotgan shart-sharoitlarga bugungi kunda uncha-muncha terma jamoalar havas qilsa arziydi. E’tiborga munosib bo‘lish terma jamoa a’zolariga, murabbiylar kengashiga, har bir futbolchiga ulkan mas’uliyat yuklaydiki, Qatar futbol maydonlaridagi “Osiyo futbol spektakli”da O‘zbekiston nomi yangicha ohanglarda jarang taratishini qalb qo‘rimiz bilan istab va kutib qolamiz.

Eslatib o‘tamiz, Osiyo kubogida 24 ta milliy terma jamoa ishtirok etadi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi qit’a kubogi bahslarida “B” guruhida Avstraliya, Suriya va Hindiston jamoalari bilan kuch sinashadi. Hamyurtlarimiz Osiyo kubogidagi ishtirokini 13 yanvar kuni Suriya terma jamoasiga qarshi o‘yin bilan boshlaydi. Musobaqalar 10 fevralga qadar davom etadi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA