Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi ziddiyat, Trampning Oq uyga qaytishi mumkinligi, Yevropa Ittifoqi ichidagi islohotlar va Yevropa parlamentiga saylovlar – bularning hammasi, 2024yilda Yevropa Ittifoqi uchun qanday ahamiyat kasb etishi mumkin? Ushbu savollarga javob tariqasida “Deutsche Welle” nashri ekspertlar taxminlarini e’lon qildi.
YeIga a’zo 27 davlat Ukrainaning Rossiya tajovuzidan mudofaasini zarur bo‘lgan vaqtgacha qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi, chunki bu urushda Rossiyaning g‘alaba qozonishi butun Yevropa xavfsizligiga tahdid soladi deb hisoblashadi. Yevropa Ittifoqi 2024 yilda ham bu yo‘nalishda qoladimi?Balki kutilmagan vaziyatlar bunday qarordan voz kechishga majbur qilar?
Ukraina-Rossiya o‘rtasidagi ziddiyatga qarashlar o‘zgarmoqdami?
Nima uchun bunday deyilmoqda? Sababi, Bryusselda so‘nggi paytlarda urushdan umumiy charchoq vujudga kelgani va Yevropa Ittifoqqiga a’zo davlatlarning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda birdamligining kamaygani haqida ko‘proq gapirilmoqda. Bunga Vengriyaning tutgan pozitsiyasini misol qilishimiz mumkin. YeI Ukrainaga moliyaviy yordam ko‘rsatishni bir ovozdan ma’qullash uchun ko‘p harakat qilishi kerak edi, ammo natija bunday bo‘lmadi. Buni a’zo davlatlar ichidan chiqqan turlicha qarashlar bilan izohlash mumkin. Shuning uchun ham 2024 yilda Kiyev Moskva bilan tinchlik muzokaralari olib boradimi yoki yo‘qmi, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash strategiyasi so‘roq ostida qolishi mumkin. “Bizning maqsadimiz adolatli va mustahkam tinchlik bo‘lib qolishi kerak, aslo muzlatilgan mojarolar emas,” – degan Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen. – Ukraina uchun barqarorlik va farovonlikka erishishning eng yaxshi yo‘li bu uning YeIga a’zo bo‘lishidir.
Ukraina va Moldovaning YeIga a’zo bo‘lishiga kimlar “g‘ayirlik” bilan qarashmoqda?
Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar Ukrainaning mazkur tuzilmaga qo‘shilishini hali erta deb hisoblaydi. Ukraina va Moldova bilan a’zolik bo‘yicha muzokaralar 2024 yilda boshlanishi kutilmoqda. Ekspertlar fikricha, urushdan vayron bo‘lgan Ukrainani o‘z safiga qabul qilib, YeI katta xarajatlarga duchor bo‘ladi. Shuning uchun, hatto Ukrainaning Polsha va Boltiqbo‘yi mamlakatlari kabi do‘stlari ham o‘z roziligini bildirishga shoshilmayapti. Sababi, YeI yordamini oluvchilardan ular Ukrainaga yordam berish uchun mablag‘ ajratiladigan YeIning qo‘shma byudjetiga badal to‘laydigan donorlarga aylanishi mumkin. Bu esa ko‘pchilikni o‘ylantirmoqda. Shuning uchun ham Ukraina va Moldovaning YeIga kirishi bo‘yicha muzokaralar tez orada boshlansada, yillar davom etadi, deya ishontirishga harakat qilmoqda YeI rasmiylari.
Ayni paytda 20 yildan beri YeIga a’zo bo‘lish navbatini kutayotgan G‘arbiy Bolqon davlatlari Moldova va Ukrainaning juda tez a’zo bo‘lishga harakat qilayotganini biroz g‘ayirlik bilan kuzatishmoqda.
Tadqiqotchilarning fikricha, Chernogoriya, Albaniya va Shimoliy Makedoniya davlatlarida Rossiya va Xitoyning ta’sirini kamaytirish kerak. Ammo Serbiya, Kosovo, Bosniya va Gersegovina uchun YeI ga qo‘shilish istiqbollari unchalik aniq emas, chunki, mavjud millatlararo mojarolar salohiyati bu jarayonda jiddiy to‘siq hisoblanadi. Bu to‘siqlar albatta, a’zo bo‘lish shartlariga mos kelmaydi.
Yangi a’zolarni qabul qilishdan oldin Bryusselda islohot jarayonlari yakunlanishi va YeIni moliyalashtirish masalasi hal qilinishi kerak. Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning ta’kidlashicha, faqat suveren, iqtisodiy jihatdan kuchli Yevropa yangi a’zolarni qabul qilishga qodir. Germaniya hukumatining ham bu borada o‘z takliflari bor. Masalan, ular YeIni shunday isloh qilishni taklif qilmoqdaki, qarorlar YeIga a’zo davlatlarningovozi bilan qabul qilinishi mumkin. Shuning uchun ham bunday tartib-qoidalar 2024 yilda o‘zgaradimi yoki yo‘qmi, noma’lum, deydi Bryusseldagi diplomatlar. Sababi, Bryusselda qaror qabul qilishning amaldagi tartibini o‘zgartirish uchun YeIga a’zo barcha davlatlarning bir ovozdan roziligi talab qilinishi hammaga ma’lum.
O‘tgan yillarda YeI Vengriya va Polshani veto huquqidan foydalanib, Bryussel qarorlarini bekor qilishga ishontira olmadi. Qonun ustivorligi tamoyillarining buzilishi bilan bog‘liq sud jarayonlari hozirgacha hech qanday natija olib kelmagan. Yana shunday taxminlar borki, 2024 yilda Vengriya bosh vaziri Viktor Orban o‘z lavozimidan voz kechmoqchi emas. Polshada esa Yevropa Kengashining sobiq rahbari Donald Tusk va uning partiyasi hokimiyatga kelganidan so‘ng, YeIda bo‘ladigan o‘zgarishlarga katta umid qilmoqda.
Donald Trampning Oq uyga ehtimoliy qaytishi
Agar respublikachi Donald Tramp bo‘layotgan qarshiliklarga qaramay Oq uyga qaytsa, bu YeI va Nato uchun qiyin kunlarni anglatadi, deyishmoqda ekspertlar. Chunki, Yevropa Ukrainani qo‘llab-quvvatlash, Rossiyani tiyib turish va savdo aloqalarida AQSHdagi eng muhim ittifoqchisini yo‘qotish xavfi bor. Sababi, Bayden bilan Trampning yuqoridagi masalalarda qarashlari turlicha ekanligi hammaga ma’lum.
Bashorat qilib bo‘lmaydigan Trampni nazorat ostida ushlab turish uchun YeI Ukrainaga harbiy yordamni mustaqil ravishda moliyalashtirishni davom ettirishni taklif qilishi mumkin xolos. Ko‘pgina YeI davlatlarining eng muhim savdo sherigi Xitoy bilan munosabatlar Tramp davrida yanada yomonlashadimi?
Bu holda, dunyo yanada beqaror bo‘ladi. Faqat Vengriya bosh vaziri Donald Trampni o‘z ittifoqchisi sifatida ko‘rishdan xursand bo‘ladi xolos, deyishmoqda tahlilchilar.
Joriy yilda bo‘ladigan Yevroparlament saylovlarida 400 million saylovchi ovoz beradi. Bu saylovlardan keyin ko‘pchilik katta o‘zgarishlar bo‘lishiga umid qilmoqda. Ba’zi bir partiyalarning kuchayishi va YeI ishlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini bashorat qilishmoqda. Yevrobarometr so‘roviga ko‘ra, yevropalik saylovchilarni tashvishga solayotgan eng muhim mavzu bu nima bilasizmi? Bu ularning iqtisodiy ahvoli va turmush darajasidir. Ukraina, migratsiya, islohotlar va YeIning kengayishi ular uchun faqat ikkinchi darajali mavzular.
Ehtimol, 2024 yilda nemis siyosatchisi Ursula fon der Lyayen Yevrokomissiya rahbari bo‘lib qolar. Ammo Yevropa parlamenti uni bu lavozimga tasdiqlashi kerak. Yevropa ittifoqiga a’zo 27 davlatning barcha hukumatlari uning nomzodini birgalikda taqdim etishi kerak.
Yevropaliklar nimani kutmoqda?
Avvalo YeI bir qator muhim masalalarni hal qilib olishi kerak: boshpana tizimini isloh qilish, migratsiya paktining kuchga kirishi, vahokazo. Shuningdek, mazkur tuzilma moliyalashtirish, sun’iy intellekt, iqlimni muhofaza qilish va boshqa shu kabi yangi qoidalarga ham muhtoj.
Yevrokomissiya o‘z navbatida YeIning yetti yillik byudjetini ya’ni, 1,1 trillion yevroni yana 66 milliardga oshirishni rejalashtirmoqda. Biroq bularning barchasi YeI fuqarolarini unchalik tashvishga solmaydi. Ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, ular Bryussel tomonidan qabul qilingan qarorlarga ta’siri cheklanganligidan shikoyat qilishsada, ular YeI kelajagini optimistik tarzda baholaydilar. Yevropa Ittifoqini 2024 yilda nimalar kutayotganini aytish baribir taxminlarga asoslangan. Lekin YeIni nimalar kutayotgani unga a’zo davlatlar rahbarlarining o‘zaro kelishuvlar asosida faoliyat olib borishlariga bog‘liq.
Internet materiallari asosida K.Bekjanov tayyorladi, O‘zA