BMT bosh kotibining yordamchisi Xaled Xiari Rossiyaning Belgorod shahriga havo hujumi uyushtirilgani munosabati bilan bo‘lib o‘tgan majlisda tomonlarni aholi yashayotgan manzillarga, fuqaro ob’ektlariga va tinch odamlarga qarata zarba bermaslikka chaqirdi.
“Biz Ukrainada ham, Rossiyada ham shaharlarga va qishloqlarga zarba berilishini birdek qoralaymiz. Tinch aholiga va fuqaro infratuzilmalariga hujum xalqaro gumanitar huquqlarni buzadi, bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi va darhol to‘xtatilishi kerak”, – dedi Xiari.
O‘z navbatida, Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya Xavfsizlik kengashida g‘arblik vakillarga murojaat qilib, Rossiya Ukrainaning tinch fuqarolarini nishonga olmayotganini ta’kidlagan. “Biz Ukrainaning faqat harbiy infratuzilmalarini nishonga olayapmiz va tinch fuqarolarga qarata atay qurol o‘qtalmaymiz”, – degan Nebenzya.
Xabarlarga ko‘ra, shanba kuni Ukraina harbiylari Belgorod shahri markaziga raketalar orqali hujum uyushtirgan. Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, 21 kishi, jumladan, uch bola halok bo‘lgan, 110 kishi jarohat olgan, ular orasida 17 nafar bola borligi aytilmoqda. Shuningdek, ko‘plab turar-joylar, bolalar bog‘chalari, ijtimoiy ob’ektlar zarar ko‘rgan.
Bir kun oldin ommaviy axborot vositalari juma kuni tunda Rossiya harbiylari Ukrainaning ko‘plab katta shaharlari, jumladan, Kiyev, Lvov, Xarkov, Dnepr, Suma, Odessa, Zaporoje, Cherkass va Xmelnitskiyga raketa va o‘zi uchar qurilmalar vositasida havo hujumini uyushtirgani haqida xabar tarqatgan edi. Zarbalar aholi zich bo‘lgan tumanlarga berilgani aytilgan. Natijada 30 ga yaqin tinch aholi vakillari halok bo‘lgan, kamida 160 kishi jarohat olgan.