Rasmiy tashrif bilan yurtimizga kelgan Shvetsiya Qirolligi Adliya vazirligi delegatsiyasi O‘zbekiston Adliya vazirligiga tashrif buyurdi.

Adliya vaziri Akbar Toshqulov Shvetsiya Qirolligi Adliya vazirligining Davlat kotibi Anders Xoll, Shvetsiya Qirolligining Favqulodda va muxtor elchisi Tomas Danestad bilan uchrashdi.

A.Toshqulov mehmonlarga vazirlik qonun ijodkorligi sohasida yagona davlat siyosatini olib borishi, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishi, davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirishi, advokatura va aholiga yuridik xizmat ko‘rsatishni ta’minlashi kabi ma’lumotlarni taqdim etdi.

A.Xoll O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan huquq sohasida erishilgan yutuqlarni yuqori baholab, Shvetsiya Qirolligi Adliya vazirligi to‘g‘risida qisqacha ma’lumot berdi.  Shvetsiya O‘zbekiston bilan adliya va huquq, xavfsizlik va migratsiya masalalarida hamkorlik qilishdan manfaatdorligini bildirdi.

A.Toshqulov ikki davlat vazirliklari o‘rtasida anglashuv memorandumini imzolashni hamda O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasida o‘zaro huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risida ikki tomonlama shartnoma loyihasini ishlab chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qildi.

Uchrashuv yakunida mehmonlar vazirlik faoliyati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanishtirildi.

Uchrashuv do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tdi.

N.Abduraimova, O‘zA