O‘zbekistondagi iqtisodiy vaziyatni baholash uchun Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari har oyda hududlar va tumanlar darajasida tadbirkorlik faoliyati holatining monitoringini o‘tkazadi. Unga ko‘ra, oktyabr oyidagi tahlillar byudjet daromadlarining o‘sishi va barqaror tendensiyani ko‘rsatdi. Oy davomida soliq tushumlari 7,3 foizga oshgan.

Soliq tushumlarining sezilarli o‘sishi Jizzax, Sirdaryo, Toshkent va Navoiy viloyatlarida qayd etildi. Soliq tushumlari manbalari bo‘yicha daromad solig‘i tushumlari – 24 foizga, mulk solig‘i – 27 foizga va yer solig‘i – 21 foizga oshdi.

Eng kam soliq tushumlari Xorazm, Qashqadaryo viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuzatildi.

Tahlil qilinayotgan davr uchun bojxona to‘lovlari bo‘yicha tushumlar 22,7 foizga oshdi. Tushumlar bo‘yicha eng ko‘p o‘sish Jizzax, Surxondaryo, Samarqand, Andijon, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida qayd etildi.

Bojxona tushumlarining o‘sishi asosan transport uskunalari va uning tarkibiy qismlari, texnik jihozlar, metall va metall buyumlar, elektrotexnika va uning tarkibiy qismlari, oziq-ovqat mahsulotlari importining oshgani bilan bog‘liq.

Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon tovarlar eksporti 5,3 foizga qisqardi. Bu jumladan, ip-kalava, mineral o‘g‘itlar, trikotaj mahsulotlari, metallar va mahsulotlar, oziq-ovqat va meva-sabzavotlar mahsulotlari, plastmassa, tabiiy gaz, elektrotexnika mahsulotlari va o‘g‘itlar eksportining kamayishi bilan bog‘liq. Shu bilan birga, eksportning eng sezilarli o‘sishi Xorazm, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida qayd etildi. Tijorat banklari tomonidan oktyabr oyi uchun berilgan kreditlar hajmi 10,9 foizga o‘sdi.

Kreditlar berish respublikaning deyarli barcha hududlarida o‘sdi. Oktyabr oyida eng katta o‘sishni Navoiy, Sirdaryo, Jizzax, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahri ko‘rsatdi. Oy davomida O‘zbekiston Respublika tovar birjasida tuzilgan bitimlar hajmi 2,4 foizga kamaydi. Shu bilan birga, Sirdaryo (viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida birja faolligi sezilarli darajada oshgani kuzatilmoqda.

Ushbu hududlarda bitimlar hajmining o‘sishi qurilish va maishiy materiallar, bug‘doy uni, paxta tolasi, texnik urug‘lar, bug‘doy, suyultirilgan gaz, rangli metallar, dizel yoqilg‘isi, avtomobil benzini, mineral o‘g‘itlar, shakar, qora metallar va polietilen kabi tovarlarni sotish hajmini oshirish hisobiga ta’minlanmoqda.

Oktyabr oyida 72 ming 325 ta yangi xo‘jalik yurituvchi sub’ekt tashkil etilib, ularning eng ko‘p Farg‘ona, Samarqand, Toshkent, Xorazm, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida ro‘yxatga olingan.

Mohigul Qosimova, O‘zA