Bugun Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tizimida murojaatlar bilan ishlash va muammolarni hal qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi.

Agentilik axbort xizmati rahbari Ortiqxo‘ja Norov qayd etishicha, joriy yilning 10 oyi davomida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan jami 85 634 murojaatning 66 069 tasi xorijiy davlatga ishlagani ketish, 18 282 tasi chet elda qiyin ahvolga tushganda huquqiy, moddiy va ijtimoiy yordam olish, qolganlari mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq boshqa masalalarga tegishli.

O‘tgan  yilning 10 oyi davomida 178 mingdan ortiq murojaat ko‘rilgani inobatga olinsa, joriy yil bu ko‘rsatkich 48 foiz kamayganini anglash mumkin.

Xorijda ishlash istagida bo‘lgan yurtdoshlarimizning 35 381 nafariga tashkiliy va manzilli tarzda ishga joylashishga ko‘maklashilgan. Chet davlatda ishlayotgan 8 667 fuqaromizga huquqiy, 7 141 kishiga ijtimoiy va 2 474 nafar murojaat qilgan shaxsga jami 71 400 dollar miqdorida moddiy yordam ko‘rsatilgan.

Xorijda qiyin ahvolda qolgan 76 nafar yurtdoshimiz vaqtincha xostelga joylashtirilgan, 443 hamyurtimiz Vatanga qaytarilgan. 1710 kishining ish beruvchi tomonidan to‘lanmayotgan ish haqi, 98 nafarining esa kompensatsiya to‘lovi shaklidagi jami 1 million 200 ming dollar puli undirib berilgan.

Bundan tashqari, Bandlik organlari bilan birga xorijda ishlash istagini bildirgan 49 047 fuqaro kasb-hunar va chet tili o‘rganish uchun o‘qishga jalb qilingan. Ularning 28 717 nafari xorijiy ish beruvchilar tanloviga jalb qilinmoqda.

Xorijda ishlayotgan yoki chet elda ishlash istagi bo‘lgan fuqarolar 24 soat uzluksiz ishlashi yo‘lga qo‘yilgan “1282” qisqa raqami, ish vaqti davomida ishlaydigan 71-200-00-61 telefon raqami hamda “Labour Migration” dasturiy majmuasi orqali onlayn murojaat qilishi mumkin.

Go‘zal Sattorova, O‘zA