Toshkentda Qozog‘iston Respublikasi raisligida Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (SHHT MATT) Kengashining navbatdagi – o‘ttiz to‘qqizinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekistonning vakolatli idoralari hamda SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasi delegatsiyalari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Kengashining SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari Kengashiga SHHT MATTning 2022 yildagi faoliyati yuzasidan hisobot-ma’ruzasi ma’qullandi. SHHTga a’zo davlatlar terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi turish bo‘yicha hamkorligi dasturining 2022 yil davomidagi ijrosi xususida tayyorlangan axborot ko‘rib chiqildi. SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasining o‘tgan davrdagi faoliyati ijobiy baholandi.

Internet tarmog‘idan terrorchilik, separatistlik va ekstremistlik maqsadida foydalanishning oldini olish bo‘yicha qo‘shma axborot amaliyotini o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabal qilindi.

2023 yilda SHHTga a’zo davlatlar vakolatli idoralarining navbatdagi “Yevrosiyo – Aksilterror-2023” qo‘shma aksilterror o‘quv mashg‘ulotini Qirg‘iz Respublikasida tashkil etish, shuningdek SHHTga a’zo davlatlar vakolatli idoralari chegara xizmati rahbarlari to‘qqizinchi yig‘ilishi hamda SHHT MATTning to‘qqizinchi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasini o‘tkazish masalalari kelishib olindi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar aksilterror markazi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum loyihasi ma’qullandi.

Pokiston Islom Respublikasi vakili Oysha Farukiyga “SHHTga a’zo davlatning SHHT MATT Kengashidagi Faxriy vakili” unvoni berildi.

SHHT MATT faoliyatini rivojlantirish va SHHTga a’zo davlatlar vakolatli idoralari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun bir guruh SHHTga a’zo davlatlar vakolatli idoralari xodimlari va SHHT MATT mansabdor shaxslari ham taqdirlanishdi.

SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasi faoliyatini tashkiliy, kadrlar va moliyaviy masalalar bo‘yicha ta’minlash bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Kengashining navbatdagi majlisini Qozog‘iston Respublikasi hududida o‘tkazish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Kengash yig‘ilishi ishbilarmonlik muhitida, do‘stona ruhda o‘tdi.

G‘ayrat Xonnazarov,

Muhammad Amin (surat), O‘zA