Poytaxtimizda O‘zbekistonda atrof-muhit holati haqidagi milliy hisobot uchun metodologiya ishlab chiqishga doir kirish seminari o‘tkazildi. Tabiat resurslari vazirligi, BMT tuzilmalari – Yevropa iqtisodiyot kommissiyasi (YeIK), Atrof-muhit bo‘yicha dastur (YUNEP), Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan tashkil etilgan anjumanda vazirlik, idoralardan 30 ga yaqin mutaxassis ishtirok etdi.

Ishtirokchilar Kanada Barqaror rivojlanish instituti vakili Liviya Bizikova tomonidan taqdim etilgan “DPSIR” (Driver-Pressure-State-Impact-Response) sxemasi bilan tanishdi. Xalqaro ekspert mazkur sxemaning integratsiyalashgan sektorlararo siyosatni shakllantirishdagi afzalligini aniq misollar orqali batafsil ko‘rsatib berdi.

Jamiyat va atrof-muhit o‘rtasidagi aloqani tasvirlashning sabab-tergov chizmasi sifatida foydalaniladigan mazkur sxema atrof-olamga ta’sir ko‘rsatayotgan antropogen va tabiatning to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuklamasi, shuningdek, inson rivojlanishi bilan bog‘liq ushbu ta’sirni harakatga keltiruvchi yuqori darajali kuchni anglashga yordam beradi.

— Jahon iqtisodiyoti va siyosatining “Yashil transformatsiya” sharoitida O‘zbekistonda ekologik siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, tabiiy muhit holatini baholash, yon-atrofga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni vaqtida aniqlash va bartaraf etish chorasi ko‘rilmoqda, — deydi O‘zbekiston tabiat resurslari vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov. — Ayni yo‘nalishdagi ishlarni yanada samarali tashkil etish uchun faol va ishonchli ma’lumot bazasiga ega bo‘lish juda zarur.

— Atrof-muhit holati haqidagi milliy hisobot — ekologik vaziyat bahosi va o‘zgarishni chaqiruvchi sabab-tergov bog‘lanishi tahlilini o‘z ichiga olgan tahliliy hujjat, — dedi BMT YeIK mintaqaviy maslahatchisi Sarangu Radnaaragchaa. — Ushbu hisobot metodologiyasi komissiyamizning atrof-muhit holati va muhofazasi haqidagi davlat hisobotlarini tayyorlash bo‘yicha yo‘riqnomasiga asoslangan.

Tadbir doirasida Qozog‘iston va Slovakiya davlatlarining milliy hisobot ishlab chiqish amaliyoti muhokama qilindi.

— Biologik xilma-xillik nafaqat atrof-muhitni muhofaza qilishga hissa qo‘shadi, balki oziq-ovqat xavfsizligini, qishloq aholisining barqaror daromadini ta’minlashga ham yordam beradi, — deydi FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov. — Sog‘lom oziq-ovqatga ega bo‘lish uchun bizga sog‘lom atrof-muhit zarur. Bunda biologik xilma-xillik va oziq-ovqat xavfsizligi o‘rtasidagi bog‘liqlik muhim ahamiyat kasb etadi. Biologik xilma-xillik bilan bog‘liq barqaror rivojlanish sohasidagi bir necha maqsadlarni amalga oshirishga mas’ul hisoblangan FAO ayni maqsadlarga erishishda, xususan, ma’lumot yig‘ish, monitoring qilish va hisobot berish bo‘yicha salohiyatni oshirish orqali a’zolarga yordam ko‘rsatadi.

Mazkur ta’lim seminari ishtirokchilariga yangi metodologiya asosida milliy hisobot tayyorlashda “DPSIR” vositasini qo‘llash va istiqbolda bunday tahliliy materiallarni muntazam ravishda tayyorlab borish bo‘yicha ko‘nikma beradi.


G. Abdullayeva, O‘zA