Co‘nggi kunlarda mamlakatimizda “Dok-1 Maks” siropi natijasida bolalar o‘limi holatlari kuzatilgani barchamizni birdek tashvishga soldi.

Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasida ishlab chiqarilgan va “Quramax Medical” MCHJ tomonidan mamlakatimizga import qilingan ushbu dori vositasi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi xulosasiga ko‘ra, me’yoriy hujjatda belgilangan talablarga javob bermaydi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Qizlarxon Begmatovaning ma’lum qilishicha, Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasiga tegishli “Dok-1 Maks” tabletka va sirop dori vositasi mamlakatimizda 2012 yildan ro‘yxatga olinib, shu yildan O‘zbekiston bozoriga savdoga chiqarilgan. Yurtimizga ushbu preparat “Quramax Medical” MCHJ tomonidan import qilingan.

Ayni paytda “Dok-1 Maks” tabletka va sirop dori vositalari yurtimizdagi barcha dorixonalar savdosidan o‘rnatilgan tartibda qaytarib olingan.

bugungi kunda “Dok-1 Maks” dori vositasi O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi oldi olinyaptimi?

– Ma’lum bo‘lishicha, “Dok-1 Maks” dori vositasi O‘zbekiston bozoriga 2012 yildan kirib kelgan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Husan Tangriyev. –Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, mazkur dori vositasining shu davr mobaynida nojo‘ya ta’siri bo‘lmagan. Faqatgina bir partiyasida bunday nojo‘ya ta’sir kuzatilgan. Amaldagi tartiblarga ko‘ra dori vositasini erkin muomalaga chiqarishda dori vositasining O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tganligini tasdiqlovchi guvohnoma hamda olib kirilayotgan dorilarning har bir seriyasi uchun muvofiqlik sertifikatlari bojxona organlariga taqdim qilinadi. Shundan so‘nggina dori vositalari bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkaziladi. Ma’lumot o‘rnida, respublikamiz bojxonachilari joriy yilning o‘tgan davri mobaynida aniqlangan 719 ta bojxona qonunbuzilish holatlarida qiymati 24,4 milliard so‘mlik dori vositalarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘ydi. Mazkur dori vositalari sifatsiz va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagani uchun hamda tashish va saqlash qoidalariga rioya etilmagani uchun olib qo‘yilgan.

“Dok-1 Maks” dori vositasi saqlanayotgan bojxona omborida mazkur dorining joriy yil dekabr oyida keltirilgan 3 ta partiyasi, ya’ni salkam 60 ming qutisi qat’iy nazorat ostida saqlanmoqda. Shuningdek, ilgari keltirilib, erkin muomalaga chiqarilishi lozim bo‘lgan yana 2 ta partiyadagi ushbu dori vositasi ham ushlab turilibdi. Bojxona organlari tomonidan salbiy holatlar kuzatilgan ilk kunlardanoq dori vositasini erkin muomalaga chiqarmaslik uchun barcha choralar ko‘rilgan va hozirda qat’iy nazorat ostida.

 

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA