2022 yilning so‘ngi o‘n kunligida ijtimoiy tarmoqlarni larzaga solgan fojiaviy xabarlar oqimi O‘zbekiston jamiyati uchun o‘tgan yil og‘riqli tugayotganidan darak berdi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Dok-1 Maks siropidan 19 nafar bola vafot etgan. Ayni paytda ham hududlardagi shifoxonalarda bemor bolalar ushbu sirop oqibati tufayli davolanmoqda.

O‘zA “Dok-1 Maks” dori vositasi keltirgan fojia xronologiyasini tuzib chiqdi.

2022 yil 15 dekabr.

Samarqand viloyat hokimligi Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i D.H.Jumaniyozovga 2022 yilning 15 dekabrida viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh vrachi M.Q.Azizov tomonidan xat yozilgan.

Unda “Dok-1 Maks” preparati qo‘llanganda juda ko‘p holatlarda bolalarga salbiy ta’sir qilgani, markazga oxirgi 2 oyda 21 nafar bemor shu dorini qabul qilgandan so‘ng nojo‘ya ta’siri sabab murojaat qilgani bayon etilgan.

“Bulardan 17 nafarida kasallik nihoyatda og‘ir kechdi, hatto bir nechta gemodializ seanslari o‘tkazishga ham to‘g‘ri keldi. 15 nafarida o‘lim holati kuzatildi”, deyilgan tarqalgan xatda.

22 dekabr
Maʼlum boʻlishicha, 2022-yilning 22-dekabrida “Dok-1 Maks” tabletka va sirop dori vositalari haqida maʼlumotlar keng tarqay boshladi.

***

Mazkur holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan “Dok-1 Maks” tabletka va sirop dori vositalari bilan bog‘liq vaziyat darhol nazoratga olingani, bemorlar ahvolini o‘rganish va holat sabablarini aniqlash maqsadida tezkor mutaxassislar guruhi tuzilib, holat o‘rganilayotgani yuzasidan rasman xabar berdi.

***

Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazining malakali mutaxassislari tomonidan  Samarqanddagi dorixonalardan xarid qilingan Hindistonning Marion Biotech Pvt. Ltd kompaniyasiga tegishli “Dok-1 Maks” tabletka va limon va asal ta’mli sirop dori vositalari o‘rnatilgan tartibda ekspertizadan o‘tkazilayotgani aytildi.

Shuningdek, ushbu dori vositalarining yurtimizdagi savdosi 2022 yil 22 dekabrdan vaqtincha to‘xtatilgani va bu haqda “Quramax Medical” MCHJ tomonidan realizatsiya qilingan tashkilotlarga xabar yuborilgani ta’kidlandi.

***

Samarqand shahrida “Dok-1 Maks” tabletka va sirop dori vositalari oqibatida nojo‘ya ta’sirlar kuzatilgani gumon qilingan bemorlar holati yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan maxsus ishchi guruh tuzildi. 

Ishchi guruh tarkibiga vazirlik, Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi xodimlari, bolalar nefrologi, pediatr kabi malakali mutaxassislar kiritildi.

***

23-dekabr.

“Effekt Makarenko” telegram-kanalida Samarqandda tabletka va sirop koʻrinishidagi “Dok-1 Maks” dori vositasi qabul qilinganidan soʻng bemorlarda turli nojoʻya taʼsirlar kuzatilgani bilan bogʻliq vaziyatga fikr bildirdi.

Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi mazkur xabarga rasmiy munosabat bildirib, JSST ogohlantirishi Agentlik xodimlari tomonidan oʻz vaqtida oʻrganib chiqilib, tegishli choralar koʻrilganini taʼkidladi.

***

27 dekabr.

Sog‘liqni  saqlash vazirligi tomonidan tuzilgan Maxsus ishchi guruhning  joyiga chiqqan holda o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijalari e’lon qilindi.

 

Unda Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasiga tegishli Dok-1 Maks tabletka va sirop dori vositaci mamlakatimizda 2012 yildan ro‘yxatga olinib, shu yildan savdoga chiqarilgani, har bir dori seriyalari tekshirilib, ularga muvofiqlik sertifikati berilgani, yurtimizga ushbu preparat “Quramax Medical” MCHJ tomonidan import qilingani aytilgan.

***

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan rasman tergov boshlandi. 

DXXning Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medical” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirildi.

***

Sog‘liqni saqlash vaziri B.Musayev videomurojaat bilan chiqdi. Videomurojaat orqali “Dok-1 Maks” dori vositasini ichish natijasida dunyodan ko‘z yumgan 18 nafar bolaning ota-onalari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi. Shu bilan birga, mazkur ishga aloqador bo‘lgan va xatolikka yo‘l qo‘ygan barcha aybdorlar javobgarlikka tortilishi hamda hech kim bilan murosa qilinmasligini ma’lum qildi.

***

28 dekabr.

Dehqonobod tumanida yashovchi 2021 yilda tug‘ilgan X.Sh 5 kun davomida o‘z turar joyida “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilib kelib, sog‘ligi yomonlashgani sababli 27 dekabr kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy amaliy markazi Qashqadaryo filialiga olib kelingan.

Ma’lum qilinishicha, ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, bola 28 dekabr kuni vafot etgan.

***

Samarqandda respublika Ishchi guruh tomonidan 7 nafar tizim mutasaddisi va tibbiyot xodimi ishdan olingani xabari tarqaldi. Ularning orasida “Dok-1 Maks” nojo‘ya ta’siri haqida yuqori rahbariyatini ogohlantirgan Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh vrachi M.Q.Azizov ham lavozimidan ozod qilingan.

***
29 dekabr.

Soat 11:47 da Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi telegram kanali orqali Hindiston hukumati “Dok-1 Maks” dori vositasini ishlab chiqargan Marion Biotech kompaniyasiga qarshi surishtiruv boshlaganini ma’lum qildi.

***

SSV O‘zbekistonda 20 ga yaqin bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan “Dok-1 Maks” dorisini ishlab chiqaruvchi Hindistonning Marion Biotech Pvt. Ltd kompaniyasi rahbari Xasan Rizo mazkur siroplarni ishlab chiqarish to‘xtatilganini ma’lum qilganini bildirdi.

“O‘lim holatlaridan afsusdamiz, hukumat tergov o‘tkazmoqda. Uning natijalaridan kelib chiqib, tegishli choralarni ko‘ramiz. Namunalar olingan. Ushbu mahsulotning ishlab chiqarilishi to‘xtatilgan, qolgan jarayonlar davom etmoqda”, – degan Xasan Rizo ANI nashriga bergan intervyusida.

***

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan dorixonalarda “Hindistonning “Marion Biotech Pvt.Ltd” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” sirop 100 ml” va “DOK-1tabletki №10” dori vositalarining realizatsiyasini to‘xtatish, realizatsiya qilingan qoldiq dori vositalarini dorixonalardan chaqirib olish ko‘rsatma berildi.

***

AOKAda Sog‘liqni saqlash vazirligining mazkur masalaga oid ilk brifingi o‘tkazildi. Unda Onalik va bolalikni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Sevara Ubaydullayeva «Dok-1 Maks» voqeasini fosh qilganlarni ishdan olinganini tasdiqladi.

Vazirlikning bo‘shatish qarorini bu xodimlar 2 oydan beri holat to‘g‘risida xabar bermagani bilan asosladi.

***

Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarga “Dok-1 Maks”  dori vositalarini sotib olmaslik bo‘yicha SMS-xabarnoma yuborishni boshladi.

***

30 dekabr.

O‘zbekistonda Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi ishlab chiqargan barcha dori-darmonlar savdosi to‘xtatildi.

***

OAVda Hindistonda “Dok-1 Maks” dorisini ishlab chiqargan zavod ustidan tekshiruvning dastlabki natijalariga oid xabarlar joylandi. 

***

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘zgardi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Amrillo Shodiyevich Inoyatov O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga tasdiqlandi.

***

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi rahbari Sardor Qoriyev ishdan olindi.

***

30 dekabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari sog‘liqni saqlash sohasiga to‘xtalib, “Dok-1 Maks” preparatini qabul qilish oqibatida bolalar hayotdan ko‘z yumgani bilan bog‘liq vaziyatni qattiq tanqid qildi.

“Samarqand va Qashqadaryodagi bolalar o‘limi sohada ishlar ahvolini, nazorat yo‘qligini ko‘rsatdi. Bugun Farmatsevtika agentligi rahbarini ishdan oldim. Bunga yo‘l qo‘ygan mutasaddilarning hammasi qonun oldida javob beradi!”, dedi Prezident.

***

1 yanvar.

Farg‘onada 3 yoshli bola “Dok-1 Maks” dorisi iste’moli tufayli davolanayotgani ma’lum qilindi.

Bemor bola doridan o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan davolanmoqda. Uning umumiy ahvoli og‘ir, hushida. Bemorga tasdiqlangan davolash standarti asosida davo muolajalari olib borilmoqda.

P/S: O‘zbekiston Milliy axborot agentligi — O‘zA “Dok-1 Maks” dorisi yuzasidan surishtiruvlarni davom ettiradi. Mazkur dori vositasi bilan bog‘liq har qanday xabar va ma’lumotlarni bizga yuborishingiz mumkin. Murojaatlar egasi istagiga ko‘ra, manbalar nomi oshkor etilmasligi kafolatlanadi.

Murojaat uchun: @UzA_pochta

Mohigul Qosimova,

O‘zA