1-yanvardan e’tiboran Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona va Urganch aeroportlarida Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan “Tax Free” xizmati shoxobchalari ish boshladi.

Ma’lumot uchun, “Tax Free” tizimi xorijiy fuqarolarga O‘zbekistonda chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlardan ayrim turdagi tovarlarni xarid qilishda to‘langan QQS (qo‘shilgan qiymat solig‘i) summalarini qaytarib olish imkonini beradi. Keshbek to‘lanadigan tovarlar ro‘yxati Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 8-noyabrdagi “Chet davlat fuqarolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketishda avval xarid qilingan tovarlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan. Bu ro‘yxatdan suvenirlar, yong‘oqlar, mevalar va quritilgan mevalar, charm va mo‘ynali mahsulotlar, gilamlar, tekstil mahsulotlari va boshqalar o‘rin olgan.

Qayd etish joizki, QQS to‘lovini qaytarish uchun “Soliq” mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tish va u orqali xaridlar uchun olingan cheklarni skanerlash lozim. Aeroportdan jo‘nab ketayotganda yo‘lovchi reysga ro‘yxatdan o‘tishi, so‘ngra “Tax Free” xizmatiga borib, bortga chiqish taloni va tovarning o‘zini ko‘rsatishi kerak. Ro‘yxatdan o‘tgan tovarlarni qo‘l yukida tashish uchun qoldirish yoki ro‘yxatdan o‘tish joyiga qaytib, bagaj sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin.

Shuni ham aytib lozim, “Tax Free” xizmatidan foydalanish uchun sotib olingan tovarlarning umumiy summasi 1 million so‘mdan yuqori bo‘lishi lozim. Bundan tashqari, mahsulot ochilmagan va ishlatilmagan bo‘lishi kerak. Soliq qo‘mitasi xodimlari tovarlarning barcha mezonlarga muvofiqligini tekshirgandan so‘ng, keshbekni rasmiylashtiradi. Turli toifadagi tovarlar uchun yo‘lovchi QQS summasining 90 foizigacha keshbek olishi mumkin. Keshbek yo‘lovchining kartasiga rasmiylashtiriladi va ro‘yxatdan o‘tgan oydan keyingi oyning 25-kunidan keyin to‘lab beriladi.

“Tax Free” tizimini joriy qilishdan maqsad yurtimizga turistlarni ko‘proq jalb etish va mamlakatimizning turistik salohiyatini yanada yuksaltirishdir.

 

O‘zA