Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari O‘zbekiston maktablarida o‘quv yuklamasini aniqlashga qaratilgan tadqiqot o‘tkazganini ma’lum qildi.

Natijalarga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘quvchilar boshqa mamlakatlardagiga qaraganda ancha ko‘p o‘qiydi. Ular uchun haftalik  o‘rtacha yuklama 28,2 soatni tashkil qiladi. Lekin o‘quvchilar matematika fani bo‘yicha nisbatan kamroq tahsil olishi kuzatilgan.

Shuningdek, respublikamiz maktablarida o‘quv-rejasiga ko‘ra ijtimoiy va amaliy fanlarga ko‘proq vaqt ajratiladi. O‘qituvchilar uchun dars soatlari boshqa mamlakatlardagidan jiddiy farq qilmaydi, ammo o‘qitish kunlari ancha ko‘p. Bir o‘qituvchiga o‘quvchilar soni 11,9 nafarni tashkil etishi tahlilda aniqlangan.

Tadqiqotning yana bir ahamiyatli jihati, mutaxassislar bu jarayonda ota-onalar o‘rtasida so‘rov ham o‘tkazganidadir.

Unda 61,1 foiz ota-onalarning fikriga ko‘ra, bola uchun o‘quv yukining intensivligi maqbul darajada. Ota-onalarning 25,1 foizi o‘quv yukini yuqori, 13,8 foizi esa past, deb hisoblaydi.

E’tiborlisi, ota-onalarning 38,4 foizi maktablarda berilayotgan bilim darajasidan qoniqmaydi, 12,8 foizi farzandlarining bilim darajasini yuqori, deb baholaydi, 48,8 foizi kelajakdagi kasblar uchun yetarli, degan. Aksariyat ota-onalar repetitor xizmatidan faol foydalanadi.

59,1 foiz ota-onalarning fikriga asosan maktablarning o‘quv rejasida maktabdan tashqari mustaqil ravishda o‘rganish mumkin bo‘lgan fanlar mavjud.

Ekonometrik tahlil natijalariga ko‘ra, ta’lim sifatiga birinchi navbatda bolaning bilim olishga qiziqishi va bilim darajasi ta’sir qiladi.

 

O‘zA