Prezident energetika muammolariga to‘xtalib o‘tdi.

— Ko‘p yillar davomida yangi gaz konlariga investitsiya kiritilmagani, elektr va gaz tarmoqlari modernizatsiya qilinmagani ham, ayni haqiqat.

Oqibatda, tizimda aniq hisob-kitob yo‘qligi, katta yo‘qotishlar oddiy holga aylanib qolgan edi.

Shu bilan birga, so‘nggi olti yilda aholimiz 12 foizga, sanoat korxonalari esa 2 barobarga ortib, 45 mingdan 100 mingtaga ko‘paydi.

Natijada, elektr energiyasiga talab kamida 35 foizga oshdi va yildan-yilga ko‘payib bormoqda.

Iqtisodiyotimiz barqaror rivojlanishi uchun, energetika sohasiga 25-30 milliard dollar investitsiya kerak.

Bunga faqatgina xususiy investitsiyalarni jalb qilish orqali erishish mumkin.

Shu bois, so‘nggi uch yilda sohaga 8 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilindi.

Jumladan, o‘tgan haftada Buxoro, Namangan va Xorazmda quvvati 500 megavattli yana 3 ta quyosh stansiyalarini qurish bo‘yicha tanlov yakunlandi, — dedi Prezident.

O‘zA