Vengriya poytaxti Budapesht shahridagi Korvinus universiteti Markaziy Osiyoni o‘rganish markazi ilmiy direktori Marton Krasnay Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan “SHHT Samarqand sammiti: mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik, barqaror rivojlanishga qo‘shilgan hissa” mavzusidagi xalqaro konferensiyada onlayn so‘zga chiqib shu mazmunda fikr bildirdi.

Ushbu taniqli ekspert, Samarqand deklaratsiyasi ahamiyatiga alohida to‘xtalib, mazkur hujjat umumiy muammolarni birgalikdagi sa’y-harakatlar yordamida hal etishga asoslangan global xalqaro munosabatlar tizimini uyg‘unlashtirgan holda, zamonaviy talablarga mos tarzda transformatsiyalash jarayonida yangi tarixiy bosqichni boshlab berishini ta’kidladi. Uning fikricha, deklaratsiyada ko‘p qutbli dunyoda eng adolatli va samarali xalqaro hamkorlik negizini yaratishga yo‘naltirilgan tamoyillar jamlanmasi tasdiqlangan.

Vengriyalik mutaxassis ma’ruzasi yakunida yana bir bor Samarqand deklaratsiyasiga murojaat qilib, ushbu hujjatni oxirgi o‘n yilliklar mobaynida to‘planib qolgan, ayniqsa, so‘nggi yillarda yanada murakkablashib, o‘ta dolzarblik kasb etgan jiddiy muammolarni jipslikda hal qilish yo‘lida muhim qadam, deb atadi. Zero, barqarorlik, xavfsizlik, odil boshqaruv, inklyuziv va hisobdor hukumat, inson huquqini hurmat qilish, iqtisodiy islohotlar, korrupsiyaga qarshi kurash, kambag‘allikni qisqartirish va nizolarni bartaraf etish hamon juda dolzarb masalalar bo‘lib qolmoqda. Qolaversa, ekspert urg‘u berganidek, insoniyat oldida iqlim o‘zgarishi oqibatida yuzaga kelayotgan ekzistensial xavf ortidan ayni chaqiriq va xatarlar muammoni battar murakkablashtirib, kun tartibiga kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa sifatida qo‘ymoqda.

G‘ayrat XONNAZAROV,
Nosirjon Haydarov,
O‘zA