Prezident raisligida sanoat zonalari va yirik investitsiya loyihalari bilan bog‘liq masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilish boshlandi.

Joriy yilning o‘zida 2 mingta loyihani amalga oshirish, 110 mingta yangi ish o‘rni yaratish va 1 milliard dollar qo‘shimcha eksportni ta’minlash uchun imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.

O‘tgan besh yilda 19 ta erkin iqtisodiy zona (ungacha atigi 3 ta bor edi) va 400 dan ziyod kichik sanoat zonasi tashkil etilib, ularda 10 trillion so‘mlik 1 mingdan ortiq loyiha ishga tushirildi.

Natijada 100 mingta ish o‘rni yaratilib, yiliga qo‘shimcha 45 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarila boshlandi.

Shuningdek, sanoat zonalaridagi korxonalar yiliga 750 million dollarlik eksport va 1 trillion so‘mdan ziyod soliq tushumlarini ta’minlamoqda.

–Asosiysi, har bir tumanga sanoat kirib bordi, olis va chekka hududlarda yangi ishlab chiqarishlar paydo bo‘lmoqda, – dedi Prezident.

Xususan, besh yil avval sanoat umuman bo‘lmagan 11 ta tumanda 205 ta yangi korxona ish boshlab, bugungi kunda ularda sanoat hajmi 2 barobar oshdi.

O‘zA