Chexiyada “MSV-2025” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi ish boshladi

121

Chexiyaning Brno shahrida o‘tkazilayotgan “MSV-2025” xalqaro sanoat ko‘rgazmasida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari namoyish etilmoqda.

Mazkur ko‘rgazmada O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov rahbarligidagi delegatsiya a’zolari ham ishtirok etmoqda.

Qayd etilishicha, 140 kvadrat metr maydon tanlab olindi hamda stendlar qurilib, barcha zaruriy choralar ko‘rildi. Ko‘rgazma doirasida 100 ga yaqin xorijiy kompaniyalar bilan V2V uchrashuvlar, investitsiya loyihalari va eksport shartnomalari tuzish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Ko‘rgazmada “Made in Uzbekistan” brendi ostida mahsulot ishlab chiqarayotgan va xorijga, shu jumladan, GSP+ talabi asosida Yevropa davlatlariga eksport qilish faoliyatini amalga oshirayotgan jami 66 ta mahalliy korxonalar tanlab olindi.

Xalqaro ko‘rgazmada elektrotexnika sanoati, qurilish materiallari, avtomobilsozlik, kimyo sanoati, IT axborot texnologiyalari, tog‘-kon sanoati va metallurgiya sohalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namoyish etilmoqda.

“MSV-2025” xalqaro sanoat ko‘rgazmasida mahalliy korxonalarning faol ishtiroki muhim ahamiyatga ega. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligini yanada kengaytirish, shuningdek, “Made in Uzbekistan” brendi ostidagi mahsulotlar bilan xorijiy ishbilarmonlarni tanishtirish, xorijiy davlatlarning texnik jihatdan tartibga solish, muvofiqlikni baholash, standartlashtirish va metrologiya sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mahalliy standartlarni xorijiy standartlar bilan uyg‘unlashtirish kabi imkoniyatlarni beradi.

Shahnoza Mamaturopova,

O‘zA